Milliy matbuot markazida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining 2023/2024 o‘quv yili uchun qabul ko‘rsatkichlari hamda kasbiy imtihon jarayonlariga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Muqum Arziqulov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Anvar Xodjayev, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti ilmiy kotibi Nodirbek Yusupov va boshqa mutasaddilar ishtirok etgan anjumanda joriy yilgi qabul jarayonlari davlatimiz rahbarining tegishli farmoyishiga asosan amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Bugungacha 2023/2024 o‘quv yili uchun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bakalavriat kunduzgi ta’lim yo‘nalishiga 1102 ta kvota ajratilgan bo‘lib, shundan 405 grant, 697 shartnoma asosida qabul qilinadi. Sirtqi ta’limga esa 650 ta kvota ajratilgan.
Magistratura bosqichiga 8 ta mutaxassislik bo‘yicha qabul rejasi 121 nafarni (29 grant, 92 ta kontrakt) tashkil etmoqda.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining kunduzgi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1 ta ta’lim yo‘nalishida test va 2 ta ta’lim yo‘nalishida test va kasbiy imtihonlar amalga oshiriladi.
Shuningdek, xotin-qizlar sportini rivojlantirish bo‘yicha boks, suzish, yengil atletika, qo‘l to‘pi, tennis, futbol, dzyudo, belbog‘li kurash, taekvondo WTF, kurash, sinxron suzish, regbi, shaxmat, karate, stol tennisi, figurali uchish turlarida qabul amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Joriy yildan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga 3 ta yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida abituriyentlar qabul qilinishi belgilanganligi mamlakatimizda sport ta’lim yo‘nalishi yildan-yilga kengayayotganidan dalolatdir.
Kasbiy imtihonlar joriy yilning 24 iyulidan 5 avgust sanasigacha davom etishi belgilangan. Sport turlaridagi ijodiy imtihonlar o‘tkaziladigan barcha sport majmualari videokuzatuv kameralari bilan jihozlangani, zarur vositalar bilan ta’minlangani, xolislik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida imtihon jarayonlari jonli tarzda internet platformasi orqali uzatib borilishi borasida chora-tadbirlar ishlab chiqilgani bildirildi.
Imtihonlarning adolatli va haqqoniy o‘tishini ta’minlash maqsadida imtihon oluvchi komissiya a’zolari safiga sport federatsiyalari va assotsiatsiyalardan mutaxassislar jalb etilib, jarayonlar xalq deputatlari va jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan kuzatib boriladi.
Savol-javoblarga boy tarzda kechgan matbuot anjumani yakunida hozirgacha universitetga 1494 nafar, shundan kunduzgi ta’limga 1034 nafar, sirtqi ta’limga 460 nafar talabgordan ariza kelib tushgani ma’lum qilindi.
T.Ro‘ziyev,
O.Pardayev (suratlar), O‘zA