Fransiya poytaxtida para yengil atletika bo‘yicha murosasiz bellashuvlarga boy bo‘lgan jahon chempionati kutilgan va kutilmagan natijalari bilan o‘z poyoniga yetdi.

Mamlakatimiz sportchilari dunyoning eng kuchli para yengil atletikachilari bilan kechgan bahslarda matonat va irodalarini namoyish etdi.

O‘zbekiston para yengil atletikachilari 6 ta oltin, 7 ta kumush, 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoada 8-o‘rinni egalladi.

Chempionatning so‘nggi kunida ayollar o‘rtasida F54 klassida nayza uloqtirish bahsida terma jamoamiz a’zosi Nurxon Qurbonova 20 metr 15 santimetr natija bilan oltin medalga ega chiqdi.

Chempionat bahslari ortda qoldi. Umumjamoa hisobida 16 ta oltin, 16 ta kumush, 13 ta bronza medaliga ega chiqqan Xitoy terma jamoasi 1-o‘rinni,  14 ta oltin, 13 ta kumush, 20 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan Braziliya jamoasi 2-o‘rinni egalladi. 10 ta oltin, 14 ta kumush, 15 ta bronza medaliga erishgan AQSH vakillari kuchli uchlikka yakun yasadi.

To‘qqiz kunlik musobaqalar davomida 35 ta jahon rekordlari yangilandi. “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmalari o‘ynalgan musobaqalarda ishtirok etgan 61 ta davlat sportchilari u yoki bu darajadagi sovrinli o‘rinlarni egalladi. 50 dan ziyod mamlakatning para yengil atletikachilariga esa biron bir sovrin nasib etmadi.

Jahon chempionati bahslari sarhisobiga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida 275 ta, ayollar o‘rtasida 225 ta sovrinli o‘rinlar o‘z egalarini topdi.

Para yengil atletika bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati kelasi yilning 17-25 may kunlari Yaponiya davlatida bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, Parij sport maydonlarida vatanimiz sport sharafini ulug‘lagan matonatli sportchilarimiz bugun tunda yurtimizga qaytib kelishadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA