Islom hamkorlik tashkiloti Axborot agentliklari ittifoqi (UNA) Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi (WAM) hamda Abu Dabi Milliy ko‘rgazmalar kompaniyasi (ADNEC) bilan hamkorlikda Jahon media kongressining ikkinchi nashrini tanishtirish maqsadida onlayn seminar tashkil qildi.

IHTga a’zo mamlakatlar axborot agentliklari xodimlari qatori O‘zbekiston axborot agentligi – O‘zA jurnalistlari ham qatnashgan anjumanda joriy yil 14-16 noyabr kunlari BAA poytaxtida bo‘lib o‘tadigan an’anaviy Kongress xususida ma’ruzalar tinglandi.

Seminar avvalida UNA Bosh direktori, Muhammad bin Abd Rabbo Al-Yamiy IHTga a’zo mamlakatlardan ko‘plab axborot agentliklari ishtirok etgan birinchi kongress media-sektorda qo‘llanayotgan eng so‘nggi texnologiyalar va kontent industriyasining asosiy tendensiyalari bilan yaqindan tanishishga imkon berganini ta’kidladi.

Ekspert media landshafti doimo o‘zgarib turishi, turli ta’sirga duchor bo‘lishi, sun’iy intellekt ilovalaridagi peshma-pesh ishlanmalar, innovatsiya nuqtai nazaridan jurnalistik tarkibni shakllantirish zarurati haqida gapirdi.

O‘z navbatida, WAM bosh direktori – Jahon media kongressi tashkiliy qo‘mitasi raisi Muhammad Jalol Ar-Rayssiy bu gal jurnalistika, radio, televideniye, internet, ijtimoiy media sohalariga qo‘shimcha ravishda raqamli aloqa, sun’iy intellekt, ilg‘or texnologiyalar, ijodkorlik va innovatsiyani jamlagan erkin mavzular ham muhokama qilinishini bildirdi. Ta’kidlanishicha, barqarorlik, innovatsiya, sport, ommaviy axborot vositalari, yoshlar, ijtimoiy kommunikatsiya, ta’lim, kelajak va media-industriya singari muhim mavzular ham e’tibordan chetda qolmaydi.

Ar-Rayssiy ushbu kongressdan ko‘zlangan maqsad OAV vakillari, axborot agentliklari va media mutaxassislari o‘rtasida global hamkorlikni mustahkamlash, tajriba va bilim almashish, muloqot va o‘zaro tushunishni rivojlantirishdan iborat ekanligini urg‘uladi.

Seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA