Davlatimiz rahbarining “Taekvondo WT sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimizda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalar farzandlarining taekvondo WT sport turi bilan shug‘ullanish xarajatlarini qoplab berish tartibini joriy etish vazifasi belgilangandi.
Xo‘sh, o‘tgan davr mobaynida mazkur qaror ijrosini ta’minlash, xususan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalarning farzandlarini taekvondo WT sport turi bilan shug‘ullanish xarajatlarini qoplab berish borasida qanday ishlar amalga oshirildi? Qancha oila farzandlari ushbu dasturda qamrab olindi?
Aytish lozim, Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalar farzandlarining taekvondo (WT) sport turi bilan shug‘ullanish xarajatlarini qoplab berish tartibini joriy etish to‘g‘risida nizom ishlab chiqildi.
Unga muvofiq, sport maktablarida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalar farzandlarining moliyalashtirish huquqlari bilan bog‘liq holatlar o‘rganib chiqilib, nodavlat notijorat tashkilotlari, sport-ta’lim muassasalari hamda klublarda bepul shug‘ullanish, o‘quv-mashq jarayonida va musobaqalarda bepul ishtirok etish, sport maktabining moddiy-texnika bazasida bepul shug‘ullanish huquqlari joriy qilindi.
Shuningdek, ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yili “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalar farzandlarining taekvondo (WT) sport turi bilan shug‘ullanishi, sport musobaqalariga borib-kelishi bilan bog‘liq xarajatlar qoplab berildi.
Joriy yilda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan 129 nafar oila farzandlari taekvondo WT bilan bepul shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berildi. Buning natijasida iqtidorli yoshlarni aniqlash, mahalla yoshlarini sport mashg‘ulotlariga tizimli jalb qilish ishlarida samaradorlik sezilmoqda.
Ushbu sa’y-harakatlar natijasida shug‘ullanuvchi yoshlar safi ortmoqda. Birgina o‘tgan yili sport-ta’lim muassasalarida taekvondo WT bilan shug‘ullanib kelayotgan sportchi-o‘quvchilar soni 7 ming 24 nafarga yetgani, ularning 1 ming 453 nafarini xotin-qizlar tashkil etayotgani qarorning hayotbaxshligidan dalolat.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA