Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash tizimi keyingi yillarda yangicha bosqichga olib chiqildi. Yoshlar va sport masalalari bitta tizimga biriktirildi. Barkamol avlod vakillarini ommaviy sport mashg‘ulotlariga jalb etish, ularni qiziqish va intilishlaridan kelib chiqib yo‘naltirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida xayrli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini bevosita hal etish bo‘yicha 9 ming 406 ta mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 100 dan ortiq yangi loyiha hayotga tatbiq etildi.

Yurtimizdagi har bir mahallada “yoshlar balansi” shakllantirilib, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, “Yoshlar daftari” tizimi yaratilib, o‘tgan yilning o‘zida 300 ming nafar yoshga qariyb 600 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

Bu haqda Yoshlar siyosati va sport vazirligining o‘tgan 6 oyda amalga oshirilgan ishlari hamda navbatdagi muhim vazifalarga bag‘ishlangan Hay’at yig‘ilishida ta’kidlandi. Yig‘ilishda sport sohasida o‘tgan 6 oy davomida erishilgan natijalar, mavjud kamchiliklar ko‘rib chiqildi.

Aytish lozim, o‘tgan 6 oy davomida mamlakatimizning 307 nafar sportchisi jahon va qit’a musobaqalarida g‘olib va sovrindorlikka erishgan bo‘lsa, shu davrda dzyudo, boks, yengil atletika, badiiy gimnastika, triatlon, baydarka va kanoeda eshkak eshish kabi sport turlari bo‘yicha xalqaro darajadagi musobaqalarga O‘zbekiston mezbonlik qildi.

Hududlarda sport sohasini rivojlantirish borasidagi mavjud muammolar, kamchiliklar, ayrim soha mutasaddilarining o‘z faoliyatini to‘la-to‘kis olib bormayotgani tanqid ostiga olindi.

Xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritilgan medallar sarhisobi tahlil etilganda bir qator viloyatlardagi ko‘rsatkich respublika darajasidan ancha pastligi, iqtidorli yoshlarni saralash, tanlash, yo‘naltirish borasidagi kamchiliklarni ro‘yi-rost ko‘rsatib bermoqda.

Ushbu masala yuzasidan hududlardagi mas’ul rahbarlar qattiq ogohlantirilib, joriy yil yakuniga qadar tizimda o‘zgarish uchun so‘nggi bor imkoniyat berildi.

Sport maktablari faoliyatini samarali tashkil etish vatan dovrug‘ini dunyo maydonlarida ulug‘laydigan sportchilarni kamolga yetkazishning poydevori hisoblanadi. Ta’kidlash lozim, o‘tgan davrda sport maktablarini uslubiy qo‘llab-quvvatlash hamda ish faoliyatini samarali tashkil etish bilan bog‘liq davlat darajasidagi qarorlar qabul qilindi. Yetarli shart-sharoitlar yaratildi. Murabbiy va mutaxassislarni moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimi ishga tushirildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qarorga asosan o‘tgan yili trenerlar oylik maoshi 1,35 barobarga oshirildi, maktablarning ehtiyojiga ko‘ra, ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga asosan hududlardagi sport maktablari, to‘garaklar 89 turdagi 47 milliard so‘mlik sport inventarlari bilan ta’minlandi.

Bu yil nafaqat sport inventarlari, balki ilk bor sport tibbiyoti jihozlari, dori-darmon vositalari, sport liboslari jamlanmasi va uslubiy qo‘llanmalar markazlashgan tarzda yetkazib berildi. Shuningdek, mavjud 254 ta sport maktabi va 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktablarida sportchi-o‘quvchilar qamrovi 350 ming nafardan oshirildi.

Bundan tashqari, sportchilarimizning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida Sport sohasida huquqiy ko‘mak markazi tashkil etildiki, bu mamlakatimizda inson manfaati, uning haq-huquqlarini ta’minlash tamoyili ustuvor vazifalardan biri ekanligining mantiqiy davomi bo‘ldi.

Muhokamalar davomida oliy sport ta’lim muassasalari faoliyatida natijadorlikni oshirish hamda 2023/2024 o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, sohada bir qator integratsiya ishlarini amalga oshirgan holda tizimni yanada takomillashtirishga erishilgani qayd etildi. Davlat test markaziga “ERP-Sport”dan sport razryadlarini avtomatik tekshirish orqali abituriyentlardan hujjat qabul qilish tizimi joriy etildi. Ijodiy imtihon natijalarini “ERP-Sport”dan Davlat test markaziga uzatish ishlari to‘liq ishga tushirildi. Jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlaydigan “Sport sinovlari” axborot tizimi joriy etilgani, sport-ta’lim muassasalariga qabulni amalga oshirishda “onlayn qabul” xizmati ishga tushirilgani soha rivojini ta’minlashda, malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Mutaxassislar sohaga oid bir qator taqdimotlar bilan tanishdi. Kutilayotgan kompleks sport musobaqalari – Butunjahon “Universiada” o‘yinlari, II MDH davlatlari sport o‘yinlari, yozgi Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari, “Parij-2024” Olimpiadasining saralash turnirlarida munosib natijalarga erishish, yurtimizda yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqishdagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan fikrlar bildirildi.

Hay’at yig‘ilishi yakunida mazkur yo‘nalishlarda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha zarur qarorlar qabul qilindi. Qo‘shimcha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

 

To‘lqin Ro‘ziyev,  

O‘zA