Fotoreportaj

Poytaxtimizdagi “JAR” sport-sog‘lomlashtirish majmuida Osiyo voleybol konfederatsiyasi hamda Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasining 2023 yil kalendar rejasiga asosan, 2 ta yirik musobaqa o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ulardan biri yoshlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionati bo‘lsa, ikkinchisi 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘yinlaridir.

Markaziy Osiyo chempionatida 5 ta mamlakat jamoalari, Osiyo chempionatida esa qit’aning 20 ta davlat terma jamoalari ishtirok etishi kutilmoqda.

Kecha yoshlar o‘rtasidagi Markaziy Osiyo chempionati bahslariga start berildi. Shu kunning o‘zida musobaqaning tantanali ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda Osiyo voleybol assotsiatsiyasi, yoshlar siyosati va sport vazirligi, mamlakat voleybol federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etdi.

Bugun qizlar o‘rtasida O‘zbekiston-1 hamda O‘zbekiston-2, Qozog‘iston va Tojikiston jamoalari o‘rtasida bellashuvlar bo‘lib o‘tadi. O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslar kunning ikkinchi yarmida o‘tkazilishi rejaga kiritilgan. Unda Eron-Qozog‘iston, O‘zbekiston-Pokiston jamoalari o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazadilar.

O‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo chempionati bahslari 19 iyul sanasida nihoyasiga yetadi. 20-30 iyul kunlari esa 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari bo‘lib o‘tadi.

Muhammad AMIN (surat), O‘zA