Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel mamlakatlar o‘rtasida siyosiy kelishuvga erishish harakati doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan oltinchi marta uchrashuv o‘tkazdi. Afsuski, muloqot yakuni bo‘yicha qaror qabul qilinmadi.

Mishel matbuot anjumanida Pashinyan va Aliyev bilan davom etayotgan muzokara davomida tomonlar bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishi, Qorabog‘dagi armanlar, gumanitar vaziyat, harbiy asirlarni ozod etish, Lochin yo‘lagini ochish, huquq va xavfsizlikni ta’minlash kabi barcha masalalar muhokama qilinganini bildirdi.

Shu bilan birga yakunda hech qanday qaror qabul qilinmagani ham ma’lum qildi.

“Haqiqiy natijaga erishish kelgusi qadamlarga bog‘liq, zo‘ravonlik va keskin ritorikaga chek qo‘yish kerak”, – deya ta’kidladi Mishel.

U navbatdagi yig‘ilish yoz oxiriga qadar tashkil etilishi rejasi borligini aytib o‘tdi.

Ozarbayjon, Armaniston va Yevropa kengashi rahbarlarining avvalgi uchrashuvi 14 may kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan edi.

O‘zA