O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bugungi kunda ilmiy-tadqiqot muassasalarida olib borilayotgan asosiy, amaliy va innovatsion tadqiqotlarga katta e’tibor qaratmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Fanlar akademiyasida Ilm-fan targ‘iboti markazi tashkil etildi. Markazning asosiy vazifasi O‘zbekistonda ilm-fanni keng targ‘ib etishdir.
Markaz tarkibida “Fan va turmush” jurnali ham mavjud. Jurnal tashkil etilganiga bu yil 90 yil to‘ldi. Yurtimizdagi eng yoshi ulug‘ jurnallardan biri sanaladi. Shu munosabat bilan Fanlar akademiyasida tadbir bo‘lib o‘tdi.
—Hozirgi kunda “Fan va turmush” jurnalining yangilangan shakldagi nashri chop etildi, — deydi “Fan va turmush” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari Masharip Abdullayev. — Jurnal uch tilda – o‘zbek, rus, ingliz tillarida nashr etilyapti. Tarkibida 4 ta asosiy bo‘lim – “Raqamlar dunyoni boshqaradi”, “Tabiat va inson”, “IT-texnologiyalar”, “Tarix, jamiyat, madaniyat” deb nomlangan bo‘limlar bor. Jurnalning moddiy-texnik bazasi juda ham qiyin ahvolga kelib qolgan edi. 2023 yildan boshlab yiliga 4 marta chop etiladigan bo‘ldi. Umumiy tirajimiz 1000 ta. O‘zbek tilida 600 ta, ingliz tilida 200, rus tilida ham 200 ta nashr etilmoqda. Bir yillik obuna narxi 200 ming so‘m.
Shuningdek, tadbir so‘ngida madaniyat sohasidagi xalqaro loyihalar va dasturlarni tayyorlash hamda amalga oshirish, jamoat tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, davlat va nodavlat muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish hamda O‘zbekiston Respublikasida fan va madaniyat sohasidagi axborotlarni tarqatishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, FA Ilm-fan targ‘iboti markazi va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati rahbarlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
N.Rahmonova, O‘zA