O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriat bosqichi “Islomshunoslik” va “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun dastlabki imtihon jarayonlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi matbuot xizmati xabar qildi.

Imtihonlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 5 iyundagi “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, yozma shaklda akademiya hududida tashkil etildi.

Imtihonlar boshlanishidan avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov so‘zga chiqib,  abituriyentlarga muvaffaqiyat tiladi.

Dastavval akademiya qabul komissiyasi mutasaddilari tomonidan imtihon o‘tkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi. Tartibni buzgan abituriyentlarga nisbatan dalolatnoma tuzilib, o‘sha vaqtning o‘zida ular imtihondan chetlashtirilishi haqida ogohlantirildi.

Jarayon adolatli va shaffof tarzda o‘tkazilishi maqsadida imtihonlar to‘liq onlayn translatsiya qilindi. Abituriyentlarning ota-onalari mazkur jarayonni faol kuzatib borish imkoniga ega bo‘ldilar.

Imtihon nizomiga muvofiq, abituriyentlarning intellektual, ma’naviyat va ma’rifat asoslari hamda xorijiy tillarni (ingliz, fransuz va nemis) bilish darajalari sinovdan o‘tkazildi.

Shu bilan birga, imtihon paytida abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlarining kutish vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayx Xovandi Tohur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.

Mutasaddilar mashhur allomalar haqida batafsil ma’lumot berdilar. Shu yerning o‘zida allomalar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.

Uch kun ikki smenada o‘tkazilgan imtihon yakunlandi. Imtihon natijalari akademiyaning rasmiy sayti hamda telegram kanali orqali e’lon qilinadi.

N.Usmonova, O‘zA