O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov Shveysariyaning Jeneva shahrida Yevroosiyo patent tashkiloti Yevroosiyo patent idorasi prezidenti Grigoriy Ivliyev bilan uchrashdi.
M.Ikromov O‘zbekistonda ushbu sohada olib borilayotgan ishlar, xususan, shakllantirilayotgan innovatsion muhit, ixtirochilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va berilayotgan keng imkoniyatlar hamda intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish uchun qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
G.Ivliyev O‘zbekistonning mintaqadagi ahamiyati, innovatsion potensiali hamda Yevroosiyo patent tashkilotiga a’zo davlatlarda olib borilgan ishlar ahamiyati haqida to‘xtaldi.
O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo patent tashkilotiga a’zo bo‘lishi respublikamizning xalqaro integratsiyasiga yordam berishi hamda aholi tomonidan mintaqa darajasida ixtirochilik uchun patent olish jarayonlarini soddalashtirishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ixtirochilarga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida hamkorlik memorandumi ishlab chiqish hamda Yevroosiyo patent tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasi ko‘rib chiqilishiga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA