Pokiston Vazirlar Mahkamasi avgust oyida amaldagi Milliy assambleya (parlament quyi palatasi) muddati tugaganidan keyin iste’foga chiqadi. Bu haqda Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ma’lum qildi.
“Hukumat keyingi oyda Milliy assambleyaning besh yillik vakolat muddati tugashi munosabati bilan tarqatib yuborilganidan so‘ng iste’foga chiqadi”, – degan Sharif payshanba kuni Dawn nashriga.
Pokiston parlamenti quyi palatasi vakolati 12 avgustda tugaydi. “Hukumat 14 avgustdan kechiktirmay iste’foga chiqadi, bu Pokistonda ikki oydan so‘ng – oktyabr yoki noyabrda navbatdagi umumiy saylovlarni o‘tkazishga imkon beradi. Sana saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi”, – deya qo‘shimcha qilgan Sharif.
Dawn nashriga ko‘ra, vazirlar mahkamasi rahbari Pokiston Prezidenti Orif Alviyga Milliy assambleyani muddatidan oldin tarqatib yuborish so‘rovi bilan murojaat qiladimi yoki yo‘qmi, aniqlik kiritmagan. Agar bu sodir bo‘lsa, konstitutsiyaga muvofiq parlament saylovlari quyi palata muddatidan oldin tarqatilganidan keyin 90 kundan kechiktirmay o‘tkazilishi mumkin.
Pokistondagi hukmron koalitsiyadagi partiyalar, eng yiriklari Sharif boshchiligidagi Pokiston musulmon ligasi va Pokiston xalq partiyasi haligacha Milliy assambleyani muddatidan oldin tarqatib yuborish zarurati bo‘yicha konsensusga erishmagan, deb yozmoqda mahalliy OAV.
Parlament saylovlari vaqti haqidagi savol hozir Pokiston siyosatchilari uchun eng dolzarb masala bo‘lib turibdi. Qolaversa, Pokistonning eng yirik muxolifat partiyasi, sobiq bosh vazir Imron Xon boshchiligidagi “Adolat uchun harakat” (AUH) hokimiyat tepasiga qaytish uchun saylovlar tezroq o‘tishini talab qilmoqda.
Yanvar oyida AUH Xayber-Paxtunxva va Panjob viloyat qonun chiqaruvchi organlarini tarqatib yubordi, bu hukmron alyansni boshqa muzofot qonun chiqaruvchi organlarini tarqatib yuborishga va aprelda muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazishga majbur qiladi, deyilmoqda. Biroq rasmiylar muxolifatning ushbu rejalarini buzib, Milliy assambleyaga nomzodlar uchun ovoz berish shu yilning kuzidan erta o‘tkazilishini ta’minlashga muvaffaq bo‘lgan.
S.Rahimov, O‘zA