“Katta yettilik” davlatlari moliya vazirlari hamda Markaziy bank raislari 16 iyul kuni Hindistonda uchrashuv o‘tkazadi. Ushbu tadbir 17 iyul kuni boshlanadigan moliyaviy “yigirmatalik” majlisi oldidan bo‘lib o‘tadi, dedi Tokioda uyushtirilgan matbuot anjumanida Yaponiya moliya vaziri Syun’iti Sudzuki.
“G7 moliya vazirlari hamda Markaziy bank rahbari uchrashuvi 16 iyulda bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, banklarni isloh qilish va xalqaro soliq masalalari muhokama qilinadi”, – dedi u. Uning aytishicha, tomonlar uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotni e’lon qilishni rejalashtirmagan.
“Katta yigirmatalik” (G20) davlatlari moliya vazirlari va Markaziy bank rahbarlari uchrashuvi 17-18 iyulda Gujarat shtatining Gandinagar shahrida bo‘lib o‘tadi. Yaponiya bu yil G7 ga, Hindiston esa G20 ga raislik qilmoqda.