Varshavada rasmiy tashrif bilan bo‘lgan Prezident Yun Sok Yol Polsha Prezidenti Anjey Duda bilan yuqori darajadagi uchrashuv o‘tkazdi. Ikki davlat rahbarlari Ukrainani qayta tiklash sohasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumini imzoladilar.

– Biz Janubiy Koreya va Polsha Ukrainani tiklash uchun maqbul sherik bo‘lishi mumkinligiga kelishib oldik, – dedi Janubiy Koreya rahbari.

U, shuningdek, ikki mamlakat yetakchilari normalarga asoslangan xalqaro tartibni himoya qilish uchun bir-birlari bilan birdamlikda ishlashga kelishib olganini ta’kidladi.

Polsha yetakchisi Anjey Duda qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, so‘nggi paytlarda Polshaning Janubiy Koreya bilan hamkorligi, ayniqsa, harbiy-texnikaviy hamkorlik sohasida sezilarli darajada kengaydi. O‘tgan yil tovar ayirboshlash hajmi o‘n milliard dollardan oshgan.

Dudaning so‘zlariga ko‘ra, Varshava buyurtma qilgan Janubiy Koreya qiruvchi samolyotlari, tanklari va gaubitsalari Polshaga yetib kela boshlagan.

U ushbu mahsulotlar tobora ko‘payib borayotgani va qo‘shimcha, yangi buyurtmalar, yetkazib berishlar bo‘lishiga va’da berdi. Janubiy Koreya harbiy texnikasi, birinchi navbatda, tanklar ham Polshada ishlab chiqarilishiga umid bildirdi.

O‘zA