“Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Andijon viloyati hokimligi mutasaddilari, festivalning tashkiliy ishchi guruhi a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.
Ma’lumki, Bobur yurti Andijonning eng xushmanzara go‘shasi Xonobod shahrida shu yilning 18-20 iyul kunlari “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali bo‘lib o‘tadi. Festival tashkiliy ishchi guruhi hamda Andijon viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Andijon viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Elyorbek Xolmirzayev, festival tashkiliy ishchi guruhi rahbari Farhod Jo‘rayev, Madaniyat va turizm vazirligi bo‘lim boshlig‘i Farruh Yunusov tomonidan festivalning maqsad va vazifasi, unga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilgan ishlar, o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar va tartiblar haqida ishtirokchilarga keng ma’lumot berildi.
– Festival eng avvalo, yurtimizning o‘ziga xos san’ati, madaniyati va an’analarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, turistik imkoniyat va salohiyatini namoyon etishga xizmat qiladi, – deydi festival tashkiliy ishchi guruhi rahbari Farhod Jo‘rayev. – Qolaversa, xalqimiz dunyoga mashhur san’atkorlar ijodidan bahramand bo‘ladi. Xususan, festivalda Rossiya, Chexiya, Bolgariya, Latviya, Polsha, Gretsiya, Serbiya singari dunyodagi 20 dan ortiq davlatlarning estrada san’ati guruhlari, xonandalari ishtirok etadi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, Andijon viloyati hokimligi tomonidan festivalga tayyorgarlik ishlari qizg‘in olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Festival ishtirokchilarining xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l, transport, mehmonxona, ovqatlanish masalalari qanday hal etilganligi, shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Xonobod shahridagi ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan barcha hududlarga, yo‘l va chorrahalarga kuzatuv kameralari o‘rnatilganligi, matbuot markazi, Wi-Fi internet zonasi tashkil etilganligi, xorijiy mehmonlarni kutib olish, ularga hamrohlik qilish uchun gid va volontyorlar guruhlari shakllantirilganligi aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, xavfsizlikni ta’minlash, tirbandliklar kelib chiqishining oldini olish hamda aholiga qulay bo‘lishi uchun Andijon shahridan Xonobod shahriga maxsus taksilar, avtobuslar tashkil etilishi qayd etildi. Festival davomida xorijiy san’atkorlarning chiqishlari Xonobod shahrining markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan ikkita katta maydonda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlardan tashrif buyurgan ijodiy guruh va san’atkorlar esa o‘zlari uchun belgilangan joylarda uch kun davomida konsert dasturlarini namoyish etadi.
Festival doirasida xorijdan tashrif buyurgan va yurtimizning taniqli san’atkorlari ishtirokida mahorat darslari, badiiy dasturlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, xorijdan va yurtimizning boshqa hududlaridan kelgan mehmonlar uchun qator turistik yo‘nalishlar bo‘yicha sayohatlar tashkil etiladi.
Anjumanda mutasaddi va mas’ullar jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto),
O‘zA