Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov “Semurg Insurance” sug‘urta kompaniyasining kuzatuv kengashi raisi Georgiy Lavrishev bilan uchrashdi.

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sug‘urta tizimining amaldagi holati va mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida sug‘urta xizmatlarini ommalashtirish, ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda hosilni sug‘urtalash tizimini takomillashtirish zaruriyati xususida fikr almashildi.

Suhbat chog‘ida bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, ob-havoning anomal isishi va sovishi natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga jiddiy zarar yetayotgani, buning oqibatida fermer xo‘jaliklari rahbarlari, dehqonlar va tomorqa yer egalarining mahsulot yetishtirishga bo‘lgan ishtiyoqi pasayayotgani hamda sug‘urta kompaniyalariga ishonchi kamayib borayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, respublikada 34 ta sug‘urta kompaniyasi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, bugungi kunda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilining sug‘urtasi bilan hech biri shug‘ullanmasligi aytib o‘tildi.

Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi sug‘urta tizimi rivojlanayotgan Ozarbayjon, Turkiya va Ispaniyaning bu boradagi tajribasini o‘rganish va aniq takliflar tayyorlash maqsadida ushbu mamlakatlarga tashriflar amalga oshirilgani ta’kidlandi.

 

M.Komilova,  

O‘zA