O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov xorijda tahsil olayotgan salohiyatli, iqtidorli yoshlar bilan muloqot o‘tkazdi.
Muloqotda xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 100 nafarga yaqin talabalar ishtirok etdi.
Bugun yoshlarimizni davlat ko‘magi bilan chet elda o‘qitish tizimi — davlat xizmatini salohiyatli, vatanparvar, iqtidorli kadrlar bilan to‘ldirishning zamonaviy moduli sifatida shakllandi.
O‘zbekistonga kim, nima bilan qaytadi? Muloqot jarayonida ushbu masalaga asosiy e’tibor qaratildi.
Maqsad yo‘lidan bosqichma-bosqich ko‘tarilish prinsiplari tahlil qilindi. Yosh kadrlarning muvaffaqiyat siri, cho‘qqini zabt etishdagi to‘siq va muammolar, mehnat ko‘nikmalarini egallash mezonlari va muvaffaqiyat nuqtasi haqida fikr almashildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga “Soft skills” va “Hard skills”kabi zamonaviy kadrning strategik kompetensiyalari yuzasidan tushunchalar berildi.
Seminar shaklidagi muloqot davomida yoshlar faollik ko‘rsatdi, kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashdi, yakin yillarda davlat boshqaruvidagi jadal islohotlar ishtirokchisi bo‘lib, xalqimizga samarali xizmat ko‘rsatish niyatida ekanliklarini bildirdilar.
N.Usmonova, UzA