Shu kunlarda dunyoning eng kuchli suzish sport turi ustalari Yaponiyaning Fukuoka shahrida o‘tkaziladigan XX jahon chempionati bahslariga hozirlik ko‘rmoqda. Ertaga boshlanadigan jahon chempionatida sportchilar 75 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi.

Mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari chempionat dasturidan o‘rin olgan ochiq havzada suzish va sinxron suzish musobaqalarida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishga shay turibdi.

Ayni paytda jahon chempionati tadbirlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston suzish federatsiyasi matbuot kotibi Shavkat Jalilov O‘zA muxbiriga musobaqa tafsilotlari xususida quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Kunchiqar yurtga yetib kelgan sportchilarimiz bugun musobaqa oldidan tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda. Tajribali murabbiy Saida Iskandarova boshchiligida jahon chempionatida qatnashayotgan sportchilarimiz musobaqa o‘tkaziladigan ochiq suv havzasida qariyb ikki soat davomida tayyorgarlik mashqlarini bajarishadi. Ochiq suv havzasida suzish bo‘yicha o‘tadigan jahon chempionatida 4 nafar sportchimiz yurtimiz sha’nini himoya qiladi. Xotin-qizlar musobaqasida Parizoda Iskandarova hamda Anastasiya Zelinskaya startga chiqsa, erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Vyacheslav Shkretov va Nikita Kornilov medallar uchun kurash olib boradi. Musobaqa oldidan sportchilarimizning kayfiyati a’lo. Ular o‘ta kuchli raqobat ostida kechishi kutilayotgan bahslarda imkon qadar yuqori natijalarni qo‘lga kiritishni maqsad qilishgan.

Chempionat bahslari ertaga, 14 iyul kuni boshlansa, hamyurtlarimiz dasturga binoan 15 iyul kuni bahslarga kirishadi. Shu kuni ikki nafar sportchimiz xotin-qizlar o‘rtasida 10 kilometr masofaga suzish musobaqasida qatnashadi. 16 iyul kuni xuddi shu masofaga erkaklar o‘rtasida musobaqalar o‘tkaziladi.

18 iyul kuni 5 kilometr masofaga erkaklar va ayollar o‘rtasida musobaqalar tashkil etiladi. Shu kuni to‘rt nafar sportchimiz sovrinli o‘rinlar uchun kuchlilar bilan bahslashadi. Shuningdek, 20 iyul kungi suzish musobaqalarida ham hamyurtlarimiz sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA