Olimlar Istanbul shahri va Marmara dengizi hududida magnitudasi 7 yoki yanada yuqori kuchli zilzila ro‘y berish ehtimoli mavjudligini ta’kidlamoqda. Navbatdagi yer qimirlashi mamlakat iqtisodiyotiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatadi, dedi Istanbul meriyasi Zilzila bo‘yicha olimlar kengashi a’zosi Xoliq Eyido‘g‘an “RIA Novosti”ga bergan ma’lumotida.
OAV joriy hafta yana bir bor olim Naji Gyorurning Istanbulda yirik zilzila ro‘y berishi ehtimoli borligi haqidagi gaplarini e’lon qildi. Shimoliy Onado‘li yorig‘ining bir tarmog‘i Marmara dengizidan, aniqrog‘i Istanbul sohilidan o‘tgan.
– Hisob-kitobga ko‘ra, shu yoriq faollashadigan bo‘lsa, yer juda kuchli qimirlaydi, – deydi Eyido‘g‘an. – 2030 yilgacha ushbu zilzila ehtimoli 50 foiz ekan. Mintaqadagi seysmik holat bilan bog‘liq 2000 yillik tarixni o‘rganish, geofizik va seysmik tadqiqotni tahlil qilish natijasida shunday xulosaga kelingan. Naji Gyorurning bayonotida hech qanday yangi gap yo‘q, olimlar vaqti-vaqti bilan jamoatchilikni bunday tahdiddan ogoh etib turadi. Maqsad odamlarni qo‘rqitish emas, aksincha, biz shunchaki, odamlar falokatga tayyorgarlik ko‘rib qo‘yishi, hukumat esa ehtimoliy zararning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rishi zarurligini eslatmoqchimiz. Butun Turkiya zilziladan ko‘riladigan salbiy iqtisodiy ta’sirni his qiladi, chunki Istanbul mamlakat YAIMning 35 foizini ta’minlaydi. Marmara dengizida ro‘y beradigan zilzila bir yo‘la yetti viloyatga ta’sir ko‘rsatadi. Aholisi 25 million kishidan ziyod ushbu mintaqa qanchalik zarar ko‘rishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.
Turkiya hukumati aholini Istanbulning seysmik faol bo‘lmagan tumanlaridagi bir yarim million kvartiraga joylashtirishni reja qilmoqda. Istanbul meri, muxolifatchi Akrom Imomo‘g‘li ushbu rejani tanqid qilib, shundoq ham shahar aholisi haddan ortiq zichligini ta’kidlagan.
U avvalroq zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha shahar meriyasi tayyorlagan rejani taqdim etgan. Hujjatda ta’kidlanishicha, yer baribir qimirlaydi, lekin tabiiy ofat aynan qachon yuzaga kelishini aytish mushkul. Shahar meriyasi hisob-kitobi bo‘yicha, agar 7,5 magnitudali zilzila ro‘y bersa, kamida 90 ming bino qulaydi, taxminan 4,5 million fuqaro muvaqqat turar-joyga muhtoj bo‘lishi mumkin.
Aprel oyida Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an seysmik xavfli tumanlardan odamlarni ko‘chirish uchun Istanbul kanali sohilida “zaxira” shahri qurish rejalashtirilayotganini aytgan.
Ma’lumki, joriy yil 6 fevralda Turkiyaning janubi-sharqiy viloyati Qahramonmarashda 7,7 va 7,6 magnitudali zilzila kuzatilgan. Yerosti silkinishi, keyinchalik aftershok bilan 11 viloyatda, hatto, qo‘shni mamlakatlarda, jumladan, Suriyada qayd etilgan. So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, falokat Turkiyada 55 ming kishining yostig‘ini quritgan.
S.Rahimov, O‘zA