Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shu yil mart oyida bayonot berib, dunyo bo‘ylab parranda grippi pandemiyasi boshlanishi xavfidan ogohlantirgan edi. Bunga mazkur virus tez mutatsiyaga uchrab, nafaqat qanotli jonzotlar, balki bemor insonlarga ham yuqish va keng tarqalish xususiyatiga egaligi sabab bo‘lgan.
“Eng yomoni, ushbu virus insonlar hayotiga zomin bo‘lishi mumkin”, deyilgandi o‘sha chiqishda. Oradan bir oy o‘tib, kutilgan holat yuz berdi: aprelda Xitoyda H3N8 virusidan ilk o‘lim holati qayd etildi.
Shu munosabat bilan kecha e’lon qilingan JSST yangi bayonotida parranda grippining odamga yuqish xavfi yuqoriligi xususida keng jamoatchilik va soha mutaxassislari yana bir bor ogohlikka chaqirilgan.
Tashkilot mas’ul xodimi Silvi Brian fikricha, mazkur zararkunandaning bemor insondan boshqaga yuqishi kam kuzatiladi. Shunga qaramay, hushyorlik va ehtiyotkorlik shart.
Ayni sababdan JSST mamlakatlarni kasallik ustidan nazoratni kuchaytirish, aniqlangan holatlar to‘g‘risida imkon qadar tezroq xabar berishga chaqirmoqda. O‘z navbatida, epidemiologlar infeksiyadan zararlangan yoki halok bo‘lgan hayvonlarga yaqinlashmaslikni uqtirmoqda.
O‘zA