Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasining 2023 yil yanvar-iyun oylari uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish rejasi 2,2 milliard kVt.soat bo‘lgan holda, amalda 2,4 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va topshiriq 106,6 foizga bajarildi.

Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyati iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi asosiy korxona hisoblangan korxonada bir kecha kunduzda o‘rtacha 13 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. 2023 yil olti oyida stansiyada 1 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun rejadagi 319,13 gramm/kVt.soat o‘rniga, 281,9 gramm/kVt/soat shartli yoqilg‘i sarflandi. Buning natijasida 12,6 million kub-metr tabiiy gaz iqtisod qilindi.

Korxonada kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari doirasida asosiy va yordamchi uskunalarning barqaror ishlashi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ishlar belgilangan jadvalga asosan olib borildi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri