Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani adliya bo‘limiga fuqaro shikoyat bilan murojaat qilib, unda J. ismli qiz farzandiga tug‘ilish guvohnomasi olishda bir necha yillardan buyon qiynalib kelayotganligini bildirib, ushbu masalada amaliy yordam berishni so‘ragan.
–Aniqlanishicha, fuqaro Z. 2006 yil qiz farzandli bo‘lgan, lekin farzandi uy sharoitida tug‘ilganligi sababli unga tug‘ilgan guvohnomasini ololmagan, – deydi tuman adliya bo‘limi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi bosh maslahatchisi Nilufar Jumaniyazova. – Ushbu masalada fuqaro Z. 2019 yilda tuman FHDYO bo‘limiga murojaat etgan, biroq bo‘lim farzandining tug‘ilishini tasdiqlovchi ma’lumotlar bo‘lmaganligi sababli arizani rad qilgan.
Natijada, tuman adliya bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 295–moddasiga asosan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudiga shu onadan tug‘ilganlik faktini aniqlash haqida da’vo arizasi kiritildi. Sudning hal qiluv qarori bilan ariza qanoatlantirildi.
Mazkur hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach, Amudaryo tumani FHDYO bo‘limi tomonidan Z.ning qiz farzandiga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi rasmiylashtirilib berildi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri