Xabar berganimizdek, shaxmat bo‘yicha onlayn tarzda o‘tkazilayotgan “Aimchess Rapid” turnirining 4-bosqich o‘yinlari 3 ta divizionda o‘zining eng yuqori nuqtasiga yaqinlashmoqda.

Kecha hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov o‘rin olgan 1 divizionda 4-bosqich bashlarining final o‘yini bo‘lib o‘tdi. Unda iste’dodli shaxmatchimiz norvegiyalik Magnus Karlsenga qarshi dona surdi.

Uchta partiya yakunida katta tajribaga ega bo‘lgan Karlsen 2,5: 0,5  hisobida zafar quchgan holda “Champions Chess Tour Aimchess Rapid 2023″ning Grand finalida qatnashish huquqiga birinchilardan bo‘lib ega chiqdi.

Ispaniya sharafini himoya qilayotgan Eduardo Iturrisa va Levon Aronyan qarama-qarshiligidagi uchrashuvda Eduardo 2:0 hisobida ustunlikka erishdi va Fabiano Karuanani dog‘da qoldirgan Uesli So bilan kuch sinashadi.

Aytish lozim, 4-bosqich o‘yinlarining saralash musobaqalarida Nodirbek Aronyan va Uesli Soni mag‘lub etgan bo‘lsa, Karlsen Jorden van Forest va Fabiano Karuanani yengdi. O‘z navbatida ilk turda Karuanaga imkoniyatni boy bergan Eduardo Iturrisa qo‘shimcha bahsda van Forestni taslim etgandi.

Jahon shaxmatining nomdorlari orasida O‘zbekiston sharafini ulug‘lab kelayotgan Nodirbek Abdusattorov aynan Uesli So – Eduardo Iturrisa juftligi g‘olibi bilan Grand-finalda qatnashish uchun kurash olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, turnirning Grand final o‘yinlari joriy yilning dekabr oyida tashkil etiladi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA