Bugun ham jazirama kunlardan biri. Afsuski, so‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab bunday issiq harorat nafaqat yozda, balki boshqa fasllarda ham kuzatilmoqda. Global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bu jarayon barchani birdek tashvishga solmoqda. Insoniyat, tabiat juda ko‘p noqulayliklar, yo‘qotishlarga duch kelmoqda.

Xalqaro ekspertlar Yer ilgari hisob-kitob qilingandan ko‘ra, tezroq isiyotganini ta’kidlashyapti. Yer yuzida o‘rtacha harorat 1,1 daraja ko‘tarilgan. Bu 2040 yilga borib ayni ko‘rsatkich 1,5 daraja oshishini anglatadi.

Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO) ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan hafta dunyo rekord darajada isigan. Shu bilan birga, 2023 yil iyun eng issiq oy, deb tan olindi. Dengiz yuzasi misli ko‘rilmagan yuqori harorat qayd etgani, Antarktika dengiz muzi rekord darajada pasaygani kuzatildi.

Professor Kristofer Xyuitt fikricha, iyun va iyul oyi boshida sodir bo‘lgan g‘ayrioddiy issiqlik El-Nino hodisasining boshlanishidir. Bu holat quruqlikda ham, okeanda ham issiqlik yanada kuchayib, harorat haddan ziyod ko‘tarilishi, dengizda issiq to‘lqin kuchayishiga olib keladi, ekotizim va atrof-muhitga halokatli ta’sir ko‘rsatadi. Vaziyat antropogen iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan keng ko‘lamli o‘zgarishdan dalolat.

Olimlar fikricha, El-Nino hodisasi yetti yillik tanaffusdan so‘ng yana qaytishi global miqyosda iqlim o‘zgarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Sayyora bo‘ylab davom etayotgan issiqlik to‘lqini aynan shu holat bilan bog‘liq.

Jahon meteorologiya tashkiloti El-Nino Tinch okeanida paydo bo‘lganini  rasman e’lon qildi. Mazkur tabiat hodisasi okean suvi isishiga, qurg‘oqchilik, suv toshqini, yong‘in va yuqumli kasalliklar tarqalishiga olib kelishi mumkin.

Sayyoramizdagi eng yirik tabiiy iqlim hodisasi bo‘lmish El-Nino Tinch okeani janubiy qismi suvi davriy ko‘tarilishi bilan namoyon bo‘ladi va boshqa jiddiy talafotlarni ham keltirib chiqaradi.

Shu o‘rinda yana bir ma’lumotni keltirib o‘tsak. Joriy yilning 3 iyul sanasi dunyo bo‘ylab eng issiq kun sifatida tan olindi. Bu ham El-Nino hodisasi oqibati.

Harorat Xitoyda +35, Shimoliy Afrikada +50 dan oshgan. AQSHning ayrim shtatlarida termometr +48 darajani ko‘rsatdi. Hindistonda esa havo 45 daraja isidi. Mamlakatda jazirama tufayli yuzga yaqin o‘lim ro‘yxatga olingan.  Hatto, hozir qish davom etayotgan Antarktika ham rekord darajada yuqori haroratni qayd etgan. Natijada muzning katta qismi erimoqda. Yevropa bo‘ylab anomal issiq kuzatilyapti. Mintaqa mamlakatlari aholisi avval duch kelmagan bunday jaziramadan aziyat chekmoqda.

Ruminiya va Germanida fuqarolarga zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etilyapti. Zero, o‘tgan yoz Germaniyada issiqlik to‘lqini 4 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan, qurbonlarning aksariyati keksalar ekani kuzatilgan.

Iqlimshunos olimlar guruhi El-Nino tufayli yuqori harorat nafaqat yoz oylarida, balki yilning boshqa  fasllarida ham saqlanib qolishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

“El-Nino rivojlanishda davom etar ekan, yangi rekordlarni kutishimiz mumkin va bu ta’sir 2024 yilgacha davom etadi”, deya qo‘shimcha qildi Xyuitt.

Dastlabki tahlillarga ko‘ra, 7 iyul kuni o‘rtacha global harorat 17,24°C ni tashkil qilgan. Bu 2016 yil 16 avgustda o‘rnatilgan avvalgi rekord –16,94°Cdan 0,3° yuqori. Jahon meteorologiya tashkiloti bilan yaqindan hamkorlik qiluvchi Yevropa Ittifoqi iqlim o‘zgarishi xizmati hisoboti shuni ko‘rsatdiki, 2023 yil iyun 1991-2020 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 0,5°C dan sal yuqori bo‘lib, 2019 yil iyun oyidagi avvalgi rekordni ortda qoldirdi.

Iyun oyidagi rekord harorat Yevropaning shimoli-g‘arbiy qismida qayd etildi, Kanada, AQSH, Meksika, Osiyo va sharqiy Avstraliyaning bir qismi ham odatdagidan sezilarli darajada isidi.

Qayd etish joiz, bu yilgi iyun hamma joyda ham eng issiq oy bo‘lgani yo‘q. Jumladan, Avstraliya, AQSH va Rossiya g‘arbida harorat odatdagidan sovuqroq keldi.

Ma’lumotlarga qaraganda, may va iyun oylarida global dengiz yuzasi harorati yilning shu davrida rekord darajada yuqori bo‘lgan. Ayniqsa, Shimoliy Atlantikada dengiz yuzasi harorati ko‘tarilishi tashvishli.

Iyun oyida Irlandiya, Buyuk Britaniya va Boltiq dengizi haddan tashqari issiqlik to‘lqinini boshdan kechirdi. Antarktika muzi sun’iy yo‘ldosh kuzatuvi boshlangandan beri eng past darajaga tushdi, bu o‘rtacha ko‘rsatkichdan 17 foiz kam. Arktika muzi o‘rtacha darajadan biroz past edi, ammo so‘nggi sakkiz yil ichida iyun oyidagi ko‘rsatkichdan ancha yuqori bo‘lgan.

Afsuski, iqlim o‘zgarishi mamlakatimizga ham ta’sir ko‘rsatib, qator salbiy oqibatlarga olib kelyapti. Xususan, harorat ko‘tarilishi natijasida suv bug‘lanishi koeffitsiyenti oshib, hududlarda suv resursi kamayib, tanqislik kuzatilyapti. Tuproq namligi kamayishi hisobiga takroriy qurg‘oqchilik xavfi ortmoqda, hosildorlik ko‘rsatkichi tushib ketmoqda.

Aslida, iqlim o‘zgarishi, jazirama issiq va anomal sovuq tez-tez kuzatilayotganiga, qaysidir ma’noda, har birimiz sababchi va javobgar. Insoniyat tomonidan tabiatga keltirilayotgan cheksiz zarar, Yerdan shafqatsiz foydalanish oqibatida mana shunday ko‘rinish namoyon bo‘lmoqda. Butun dunyoni tashvishga solayotgan ayni hodisalarga yechim topishda yangicha yondashuv, zarur mexanizm ishlab chiqish vaqti, allaqachon, kelgan.

Go‘zal Sattorova,

O‘zA