Huquqiy munosabat

Qo‘shni xonadondagi qayta qurish ishlari jarayonida shovqin, hidlanish yoki changish oqibatlari kuzatilishi mumkin. Bunday holatlarda ba’zan shikoyatlar bo‘lishi mumkin.

Xo‘sh, qonunchilikda bu borada qanday javobgarlik yoki qoidalar belgilangan? Mazkur savolga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov quyidagilarni ma’lum qildi.

– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66-moddasiga asosan, mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mol-mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga asosan, qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.

O‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga haqli emas. O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 231-moddasiga asosan, mulkdor o‘z huquqlarining har qanday buzilishini, garchi bu buzish egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham, bartaraf etishni talab qilishi mumkin.

Demak, yuqoridagilardan kelib chiqib, yashab turgan hududdagi kadastr bo‘limiga murojaat qilib, mavjud holatni tushuntirib berish maqsadga muvofiq. Kadastr bo‘limida ishlovchi xodimlar imorat joylashgan joyga chiqib holatni o‘rganishlari va tegishli xulosa berishlarini lozim. Agarda kadastr bo‘limida ishlovchi xodimlar ham bunga tegishli munosabat bildirishmasa, bunday holatda ushbu masala yuzasidan yashab turgan hududdagi fuqarolik sudiga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA