Xitoyning Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Sun Si Senatga tashrif buyurdi.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashuvda ikki mamlakat aloqalari, xususan, parlamentlararo hamkorlik, ta’lim, savdo-iqtisodiy, xavfsizlik, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi xususida so‘z bordi.
Sun Si saylov demokratik tamoyillar, xalqaro huquqiy-normativ talablar doirasida ochiq va shaffof o‘tganini ta’kidladi.
Shuningdek, xalqaro kuzatuvchiga so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar xususida ma’lumot berildi. Tomonlar muloqot chog‘ida yana bir qator muhim masalalar yuzasidan muhokamalar olib bordi.
***
Senatda Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi, Baronessa Manzila Uddin va Britaniya parlamenti qoshidagi “Yevroosiyo konservativ do‘stlari” tashkilotining asoschisi va raisi Bota Tore Xopkinson bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhamedova bilan muloqotda Prezident saylovi yuqori saviyada, ovoz berish jarayoni xalqaro andozalarga to‘la mos shaklda o‘tgani ta’kidlandi.
Manzila Uddinning fikricha, saylovchilar ishtiroki yuqori darajada bo‘ldi, bu esa O‘zbekistonda saylovoldi kampaniyasi yaxshi tashkil etilganidan dalolat beradi.
Muloqotda tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.
N.Abduraimova, O‘zA