Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi mas’ullari ishtirokida Prezident saylovining dastlabki natijalari yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida hududlarda saylov jarayoni xavfsiz tashkil etilgani, qonunbuzarlikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida tashkil qilingan saylov uchastkalari haqida so‘z bordi.

Qayd etish joiz, joriy yil qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlarga asosan, avvalgi saylovlardan farqli ravishda, bu galgi saylovda jazoni ijro etish muassasalarida ilk bor og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgani uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham ishtirok etdi.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan 33 753 nafar shaxs saylovda ovoz berish huquqiga ega. Ularning mazkur qonuniy huquqini ta’minlash uchun Markaziy saylov komissiyasi bilan kelishilgan holda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida jami 48 ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Har bir mahkumning saylovda ishtirok etish huquqi to‘liq ta’minlandi.

Shuningdek, saylov oldi kampaniyasi paytida qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar bilan nomzodlarning ishonchli vakillari ishtirokida jami 272 ta tadbir tashkil qilindi.

O‘zA