Poytaxtimizda “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” haftaligi va “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi muvaffaqiyatli yakunlandi.

O‘zA muxbiri O‘zbekiston  madaniy merosini  o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon  jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov bilan bo‘lib o‘tgan tadbirlar to‘g‘risida suhbatlashdi.

– “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” haftaligi oltinchi marotaba tashkil etilmoqda, deydi Firdavs Abduxoliqov. –  O‘tgan 7 yil davomida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va asrab-avaylash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Olimlar ilmiy izlanishlar uchun yurtimizga kela boshladi, biz  xorijiy muzeylar bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirayapmiz. Shu tariqa O‘zbekiston tarixi va madaniyatini tadqiq qiluvchi jahon olimlari hamjamiyatini shakllantirgan ishonchli platforma yaratildi. Har yili bunday tadbirlarda olimlar o‘z ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etib, ilmiy kashfiyotlari bilan o‘rtoqlashadi.

– Madaniy meros haftaligi tashkilotchisi kim va uning doirasida qanday tadbirlar bo‘lib o‘tdi?

– Haftalik Madaniyat va turizm vazirligi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati hamkorligida tashkil etildi. Haftalik doirasida 30 dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi. Bular “Turkiston avangardi”, “Temuriylar xazinalari”, “O‘zbekiston amaliy san’ati durdonalari”, “Sharq miniatyurasida O‘zbekiston tarixiy shaxslari” ko‘rgazmalaridir. Shuningdek, musiqiy festivallar, ekskursiyalar, taqdimotlar, kitoblar bilan taqdirlash marosimlari, filmlar namoyishi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, ikkita noyob kitob taqdimoti ham o‘tkazildi. Ulardan biri – “Edvard Rtveladze haqida xotiralar” kitobidir. “O‘zbekiston madaniy merosi” loyihasining ilmiy koordinatori Elmira Gyul  o‘z muallifligidagi “O‘zbekiston an’anaviy san’ati atamalari. Badiiy ensiklopediya” nashrini ham taqdim etdi. “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidagi 50 jildlik kitob-albomlarni Temuriylar tarixi davlat muzeyiga topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Haftalik davomida uning ishtirokchilari Sharqshunoslik instituti va Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishdi. Shuningdek, Samarqand shahriga –  qadimiy shaharning tarixiy joylariga sayohat uyushtirildi.

Tadbirlarni tashkillashtirishda Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Igor Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Konrad Adenauer jamg‘armasi rahbariyati va bizning ko‘p yillik hamkorimiz – Eriell Group neft-servis xizmatlari kompaniyasi bizga katta yordam berdi.

– Haftalik tadbirlarida jahon  olimlaridan kimlar ishtirok etdi?

– Mehmonlarimiz  orasida o‘nlab davlatlardan tashrif buyurgan  sharqshunoslar va  tadqiqotchilar bor edi, jumladan ular orasida  Xalqaro Turkiy Akademiya prezidenti Shahin Mustafoyev ham bo‘lib, u turkiy dunyoning ko‘zga ko‘ringan namoyandalarining ilm-fan va madaniyat rivojidagi o‘rni haqida gapirdi.  Fransiyadagi Temuriylar uyushmasi asoschisi va prezidenti Frederik Bopertyui-Bressan Amir Temur merosi hamda uning madaniyat va san’at rivojiga qo‘shgan hissasi va ta’siri haqida qiziqarli ma’ruza bilan ishtirok etdi.  Yana bir ishtirokchi – Mueller & Schindler nashriyotining marketing va rivojlanish bo‘yicha vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm noyob asar – “Qo‘zg‘almas yulduzlar” kitobi haqidagi muhim ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Buyuk Britaniyaning Kembrij Forsshunoslik markazi tadqiqot direktori Firyuza Melvill Buyuk Britaniyadagi muzey va kutubxonalarda o‘zbek san’atining qanday durdonalari saqlanishi haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Al-Furqon islom merosi jamg‘armasi rahbari Sali Shahsivari o‘z ma’ruzasida o‘zbek olimlarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasiga to‘xtaldi.

– O‘zbekistonning tarixiy shaxslari portretlari ko‘rgazmasi juda yorqin muhokama qilingan, shuningdek, eng ko‘p mehmonlar tashrif buyurgan voqea bo‘ldi. Uning o‘ziga xosligi va noyobligi nimada?

– Biz ushbu ko‘rgazmani juda uzoq vaqt tayyorladik. Ko‘rgazma ekspozitsiyasi jahonning turli hududlarida – AQSH, Turkiya, Eron, Rossiya va boshqa mamlakatlarda saqlanayotgan miniatyuralardan to‘plangan mashhur hukmdorlar, tarixiy shaxslar, O‘zbekistonning taniqli fan va madaniyat namoyandalarining 24 ta nodir portretidan iborat edi. Ulardan ba’zilari juda qadimiy va noyob individual portretlar, ba’zilari esa ayrim qo‘lyozmalarning bir qismi, manuskriptlar, foliantlar. Bu kabi portretlarni yig‘ish ishlari davom etmoqda.

– Yana bir tadbir – “Turkiston avangardi: makon va zamon oralig‘ida” ko‘rgazmasining muvaffaqiyati siri nimada?

– Mutaxassislar ilk bor bir ekspozitsiyada “Turkiston avangardi” ta’rifiga mos keladigan barcha san’at asarlarini jamladilar. Bir ko‘rgazmada avangard rassomlarning suratlari O‘zbekistonning barcha muzeylaridan to‘plangan. Ko‘rgazma hozir ham Tasviriy san’at galereyasida davom etyapti va bu durdonalarni ko‘rishga ulgurmaganlar borib tomosha qilish imkoniyatiga ega. Ekspozitsiya Turkiston avangardining yetakchi ustalari – O‘rol Tansiqboyev, Aleksandr Volkov, Zinaida Kovalevskaya, Nikolay Karaxan va boshqa ko‘plab rassomlarning suratlaridan iborat.

– Toshkentda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining yangi ofisi ochildi. Bu haqda bizga kengroq ma’lumot bersangiz.

–  Bu keng, funksional va zamonaviy ofis bo‘lib, unda jahon olimlari mehnatining noyob ishlari taqdim etilgan. Svetodiodli ekran va ovozli uskunalar bilan ta’minlangan umumiy xona kompyuterlar bilan jihozlangan 4 ta alohida xonani o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, ofisda 15 ta taqdimot smart-televizorlari o‘rnatilgan.

80 kishiga mo‘ljallangan umumiy xonada anjumanlar, davra suhbatlari, treninglar, filmlar namoyishi, ilmiy uchrashuvlar va seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, umumiy xonada shinam dam olish maydoni va oshxona mavjud.

  – “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiyalar va ta’lim” xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi haqida gapirib bersangiz.

– Avvalo va eng muhimi, mazkur tadbir turli sohalardagi xorijiy va mahalliy mutaxassislarning muloqot, fikr va tajriba almashish maydoniga aylandi.

Haftalik Barqaror taraqqiyot markazi, «Yuksalish» umummilliy harakati, Taraqqiyot  strategiyasi markazi, qator vazirlik, idora va nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, Butunjahon jamiyati hamkorligida tashkil etildi. Ushbu tadbir fuqarolik tashabbusidir, ya’ni tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad fuqarolik jamiyati sa’y-harakatlarini birlashtirishdan iborat.

Sektor yig‘ilishlarida O‘zbekistonning barcha vazirlik va idoralari matbuot xizmatlari faol ishtirok etib, o‘z sohasiga oid muhim masalalarni muhokama qildi. Haftalik davomida ilmiy-tahlil markazlari, ishbilarmon doiralar, vazirlik va idoralar, 300 dan ortiq xorijiy hamkorlar bilan birga 50 dan ortiq anjuman, davra suhbatlari va amaliy muloqotlar tashkil etildi.

Xalqaro tadbirlarda 400 dan ortiq taniqli siyosiy va jamoat arboblari,  60 ta davlat va 5 ta xalqaro tashkilotning yirik biznes vakillari hamda ekspertlar, shu jumladan, 203 ta xorijiy tashkilot, kompaniya va assotsiatsiyalar rahbarlari, 70 dan ortiq nufuzli universitet va ilmiy markazlarning rektorlari va prezidentlari ishtirok etdi. Shuningdek, 4000 dan ortiq oliy martabali, taniqli davlat amaldorlari, siyosatshunoslar, olimlar, biznes hamjamiyatlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham qatnashdi.

Fursatdan foydalanib, ushbu tadbirni o‘tkazishda ko‘mak bergan vazirlik va idoralar matbuot xizmatlariga hamda barcha tashkilotlarga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

Tadbirlar  turli sohalar –  iqtisodiyot tarmoqlari va ta’lim tizimini  isloh qilish, inson kapitalini rivojlantirishning innovatsion usullari,  ijtimoiy davlat barpo etish, “yashil” rivojlanishning  jahon tendensiyalari, qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni shakllantirish,  bilimlar iqtisodiyoti va innovatsion iqtisodiyotni  rivojlantirish, raqamli  texnologiyalarni  barqaror rivojlantirish bo‘yicha fikr va tajriba almashish uchun kuchli muloqot maydoniga aylandi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Shuningdek,  materialni tayyorlashda O‘zbekiston  madaniy merosini  o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon  jamiyati matbuot xizmatiga  minnatdorchilik  bildiraman.

O‘zA muxbiri  Nazokat Usmonova suhbatlashdi.