Avstriya parlamenti Milliy kengashi deputati, “Avstriya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Eva Ernst-Dzedzich Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurdi.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhamedova bilan uchrashuvda kuni kecha bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi jarayonlari qizg‘in muhokama qilindi.

Eva Ernst-Dzedzich mamlakatimizda Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tganini qayd etib, ovoz berish kuni u Samarqand viloyati va Toshkent shahridagi saylov uchastkalarida bo‘lganini, saylovchilarning aksariyatini xotin-qizlar va yoshlar tashkil etganini alohida e’tirof etdi.

D.Toshmuhamedova Eva Ernst-Dzedzichga O‘zbekistonda Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida faol ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirib, keyingi yillarda o‘zaro hurmat va do‘stlikka asoslangan O‘zbekiston-Avstriya munosabatlari ijobiy dinamika namoyon etayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda tomonlar parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, ta’lim, iqtisodiyot, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalariga ham e’tibor qaratdi.

Tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan boshqa masalalarni ham muhokama qildi.

N.Abduraimova, O‘zA