O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ul xodimlari Qahramon Alimardonov hamda Qudrat Mirzayevlar ishtirokida 1-sinfga qabul jarayonlari yuzasidan ovozli chat bo‘lib o‘tdi. Ekspertlar ota-onalar tomonidan yo‘llangan savollarga jonli efir orqali javob berishdi.

— 1-sinfga qabul jarayoni qanday kechyapti?

—  Respublikamizdagi 10 mingdan ziyod maktabda 20 iyundan boshlab 1-sinfga qabul jarayonlari boshlandi, — deydi Qahramon Alimardonov. —Jarayonlarni tartibli tashkil etish maqsadida qabul ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda 20 iyundan boshlab 31 iyulga qadar mahalliy hokimiyatlar tomonidan biriktirilgan mikrohududda yashaydigan maktab yoshidagi bolalarning hujjatlari navbatsiz qabul qilinadi. 1 – 15 avgust kunlari esa mikrohududdan tashqaridagi bo‘sh o‘rinlari bo‘lgan maktablarga ota-onalar ariza topshirishlari mumkin. 6 iyul holatiga salkam 282 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz umumta’lim maktablariga qabul qilindi. Bu yil respublikamiz bo‘yicha maktab yoshidagi 732 mingdan ziyod bola birinchi sinfga qabul qilinishi mo‘ljallangan.

—  Ro‘yxatdan o‘tish tartibi qanday? Nechanchi yilda tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi?

—  2023-2024 o‘quv yili uchun umumta’lim maktablariga 2016 yilning 31 dekabr sanasiga qadar tug‘ilgan bolalarni 1-sinfga qabul qilish amalga oshirilyapti. Bu an’anaviy hamda @mymaktab_uz elektron platforma orqali  amalga oshirilyapti. Onlayn ro‘yxatdan o‘tish tartibi qanday bo‘lishi haqida ko‘pchilik ota-onalar ma’lumot berishimizni so‘rashadi. Imkoniyatdan foydalanib yana bir marotaba ro‘yxatdan o‘tish tartibi haqida tushuncha berib o‘tmoqchiman.

Eslatib o‘taman, @mymaktab_uz platformasi orqali dastlab fuqaroning qo‘lida ishlab turgan mobil telefon raqami kerak bo‘ladi. Mobil telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng o‘zining xavfsizligi uchun parol o‘ylab topadi. Kiritilgan mobil raqamga tasdiqlash uchun SMS-kod keladi. Shu kodni kiritib, keyingi bosqichga o‘tadi. U yerda pasport ma’lumotlari shakllanadi.

Pasport ma’lumotlari bizga Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligidan keladi. Fuqaroning yashash manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligi bazasidan keladi. Ota yoki ona o‘zining ma’lumotlarini shakllantirib saqlaganidan keyin farzandining ma’lumotlarini kiritadi. Farzandining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi seriyasi kiritilganidan so‘ng tizimda ma’lumot paydo bo‘ladi. Bu ma’lumot tizimda Adliya vazirligining FHDYO bazasidan shakllantiriladi.

Bazada bir qancha manfaatdor tashkilot va idoralarning tegishli axborot  tizimlaridan ma’lumotlar olinadi. Bu yerda hech qanday inson omili bilan xato qilish yoki o‘zgartirish mumkin emas. Ma’lumotlarda xatolik chiqib qolsa, koll-markazga (712030704) qo‘ng‘iroq qilishsa, muammoni hal qilishda yordam beramiz, — deydi Qudrat Mirzayev.

— Farzandim 2017 yilda tug‘ilgan, 1-sinfga qabul qilinadimi?

Kuzatuvchi tomonidan berilgan ushbu savolga Qahramon Alimardonov quyidagicha javob berdi:

—Qonunchilikka muvofiq bolalar maktabga 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinishi belgilangan. Yuqorida ta’kidlanganidek, bu yil 2016 yil yanvardan  31 dekabrga qadar tug‘ilgan, ya’ni shu o‘quv yilida 7 yoshga to‘ladigan bolalar 1-sinfga qabul qilinadi. 6 yoshdan 7 yoshgacha oralig‘idagi bolalar Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida maktabga tayyorlov guruhlarida bepul tayyorlanmoqda.

—Olis qishloqda yashaydigan, atrofida maktabgacha ta’lim tashkiloti yo‘q hududlardagi ota-onalar nima qilishi kerak?

— Bunday holatda tuman maktabgacha ta’lim tashkilotlari hududlardagi maktablar yoki ijtimoiy soha ob’ektlarida maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etib berishadi.

N.Rahmonova, A.Sodiqov (video) O‘zA