Kuni kecha mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. Saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz to‘plab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga qayta saylandi.

Mazkur siyosiy tadbirni 15 ta xalqaro tashkilot, 47 ta xorijiy davlatdan tashrif buyurgan jami sakkiz yuzga yaqin xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bordi. Bugun Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Xalqaro tashkilotlar missiyalari vakillari ishtirokida matbuot anjumanlari bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi saylovlarni kuzatish missiyasi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida kuzatuvchilar 2023 yil 9 iyul kuni mamlakatimizda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi kuzatuvlari bo‘yicha xulosalarini, fikr-mulohazalarini bildirdi.

MDH ijroiya qo‘mitasi raisi Sergey Lebedev missiya vakillari O‘zbekistonga do‘st sifatida tashrif buyurishganini alohida qayd etib, yurtimizda bo‘lib o‘tgan saylov munosib tashkil etilgani, saylovchilarning juda yuqori kayfiyatda, faol ishtirok etganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy barqarorlik davom etayotgani, bu saylovlarda ham o‘z aksini topganini qayd etdi.

Matbuot anjumanida missiya vakillari nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan tanishgani, nomzodlarga teng sharoitlar yaratilgani, saylovlar xalqaro amaliyotga mos tarzda o‘tganligini e’tirof etdi. Shuningdek, kuzatuvchilar bir nechta saylov uchastkalarida bo‘lishgani, uchastkalar barcha zarur sharoitlar bilan ta’minlangani, ular yagona maqsadga xizmat qilgani, uchastka saylov komissiyasi a’zolari faol ishlayotganini qayd etishdi.

Muhtarama Komilova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA