Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Yoshlar forumi prezidenti hamda Butunjahon etnosport konfederatsiyasi vitse-prezidenti Taha Ayhan bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki tomon o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va rivojlantirish, 2023 yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida IHT doirasida Xalqaro yoshlar forumini yuqori saviyada tashkil etish, ta’lim, tadbirkorlik va innovatsiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.

Shuningdek, joriy yilning 7-10 sentyabr kunlari Xorazm viloyatining Xiva shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro etnosport festivalini hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha fikr bildirildi.

Joriy yil oxirida islom dunyosi yoshlari forumiga mezbonlik qilish, 2025 yil uchun islom dunyosi yoshlar poytaxti maqomi uchun ariza topshirish, Islom hamkorlik tashkiloti Yoshlar forumiga a’zo bo‘lish, Oliy ta’lim muassasalarida tashkilot klublari faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda yoshlar uchun ta’lim, tadbirkorlik, kasb-hunar sohalarida loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA