Italiyaning Auronso-di-Kadore shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘smirlar va 23 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi.

65 ta davlatning 938 nafar sportchisi ishtirok etgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 ta kumush, 4 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Dastlab Vladlen Denisov Xonzoda Erkinova juftligi 500 metrga kechgan 23 yoshli kanoechilar o‘rtasidagi mikst dasturida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ushbu dasturda 1-o‘rinni moldovalik sportchilar band etgan bo‘lsa, 3-o‘rinni Ispaniya vakillari egalladi.

Terma jamoamiz a’zosi Vladlen Denisov 5000 metrga kechgan yakkalik poygada ham marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi. G‘oliblik shohsupasiga ispaniyalik Xayme Duro ko‘tarildi. Bronza medali bolgariyalik Preslav Georgiyevga nasib etdi.

Shuningdek, mamlakatimiz sportchilaridan Shahrizoda Mavlonova, Arina To‘xtamisheva, Mirjalol Kamilov, Kamronbek Axtamov, Shohsanam Sherzodova kabi sportchi yoshlarimiz o‘z yo‘nalishlaridagi musobaqalarda omadli ishtirok etdi.

Umumjamoa joylashuvida eng ko‘p sovrinli o‘rinlar sohibiga aylangan Vengriya, Germaniya, Italiya jamoalari kuchli uchlikni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 4 ta kumush hamda 2 ta bronza medali bilan 65 ta terma jamoa orasida 16-pog‘onani egalladi.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA