Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev Nukus shahri “Allaniyaz Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 8-umumta’lim maktabida joylashgan 7-saylov uchastkasida mamlakatimiz kelajagi uchun ovoz berdi.
1-Qoraqalpog‘iston okrugi hududida 654 saylov uchastkasi tuzilgan. Mazkur saylov uchastkalariga mahalliy hokimlikning tavsiyasiga ko‘ra, siyosiy jarayonlarda tajribaga ega 6 ming 266 nafar komissiya a’zosi tasdiqlandi. Ushbu komissiya a’zolarining 50,9 foizi xotin-qizlardan iborat. Komissiya a’zolarini qoraqalpoq, o‘zbek, rus, turkman va boshqa millat vakillari tashkil etadi.
Prezident saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyasi raisi Ra’no Baxiyevaning ta’kidlashicha, hududda 2 ming 772 nafar aholi ovoz berish uchun ro‘yxatga olingan. Ulardan 20 nafari birinchi marta ovoz berishda qatnashmoqda. Shuningdek, keksa yoshdagi va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning yashash joylarida ovoz berishi tashkil etildi. Saylov kuni turli sabablar bilan yashash manzilida bo‘la olmaydigan 49 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz berdi.
Saylov uchastkasida ovoz berish davom etmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri