O‘zA muxbiri O‘zbekistonda davom etayotgan saylov jarayonini bevosita kuzatayotgan Belarus Respublikasi Milliy Assambleyasi kengashining xalqaro ishlar va milliy xavfsizlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi raisi Sergey Rachkov bilan suhbatlashdi.
– Saylovga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilgan. Bu tabiiy hol, deb o‘ylayman. Chunki O‘zbekistonda professional Markaziy saylov komissiyasi shakllangan.
O‘zbekistonda saylov o‘tkazishdan oldin bu tadbirga doim yaxshi tayyorgarlik ko‘riladi. Xabarim bor, saylov komissiyasi a’zolari, saylov uchastkalari xodimlari maxsus o‘qitiladi. Bu safar Prezident saylovi muddatidan oldin o‘tkazilayotgan bo‘lsa ham bu tartibga rioya etilgan. Shuning uchun saylov o‘tkazuvchi barcha tuzilmalar o‘z ishini yaxshi biladi. Qolaversa, yaqinda referendum o‘tkazilgani ham saylovni yuqori saviyada tashkil etish uchun o‘ziga xos tajriba bo‘ldi.
Eng muhimi, saylovchilar o‘z huquqlarini yaxshi biladi. Saylovda ishtirok etayotgan fuqarolar xatti-harakatini kuzatib bunga amin bo‘ldim. Umuman, O‘zbekistondagi saylov jarayoni osoyishta, muhimi, ishonch asosida o‘tmoqda.
– Sergey Anatolevich, saylov jarayonlarida qonunbuzarlik holatlari uchradimi?
– O‘nlab saylov uchastkalarida bo‘ldim. Lekin birorta qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilganini ko‘rmadim. To‘g‘risi, bu yerda ilgarilari ham saylovlarni kuzatganman. Oilaviy ovoz berish holatlari uchrab turar edi, ya’ni, bir oiladagi barcha uchun bir kishi ovoz berar edi. Tushuntirish ishlari bilan bunga ham barham berilganiga bugun amin bo‘ldim.
– Kuzatuvchilarga zarur sharoitlar yaratilganmi?
– Ha, albatta, qaysi uchastkaga borib ko‘rishni xohlasak, borib bevosita kuzatmoqdamiz. Nafaqat xalqaro kuzatuvchilar, balki partiyalar vakillari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari xodimlariga ham barcha sharoitlar yaratilgan. Bu saylovning ochiqlik, xalqaro standartlar talablari asosida o‘tishiga xizmat qilmoqda.
Yana bir e’tiborli jihati shundaki, barcha saylov uchastkalarida xavfsizlik ta’minlangan.
Norgul Abduraimova, O‘zA