Bugun, 9 iyul kunning birinchi yarmida Markaziy saylov komissiyasida muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatib borish maqsadida mamlakatimizga xalqaro tashkilotlardan va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Ular qatorida Xalqaro Parlamentariylar Kongressi Bosh kotibi Sitara Ayaz hamda Islom hamkorlik tashkiloti vakili Adamu Bubakar boshchiliklaridagi missiyalar, Hindiston saylov komissiyasi saylov komissari Pandey Anup Chandra, Tojikiston Respublikasi MSK raisi B.Xudoyorzoda, Ozarbayjon MSK raisi M.Panaxanov, Gruziya MSK raisi G.Kalandarashvili rahbarligida delegatsiyalar tashrif buyurdi.

Uchrashuvda muddatidan ilgari o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish qonunchilik talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.

Kuzatuvchilar tomonidan saylovchilarning saylovga oid axborotlar bilan yuqori saviyada ta’minlangani, bir qator saylov uchastkalarida biometrik-identifikatsiya qurilmalaridan tajriba sinov tariqasida foydalanish yo‘lga qo‘yilgani alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, kuzatuvchilar saylov jarayonlariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rilgani, saylov komissiyalari o‘z faoliyatini saylov qonunchiligiga ko‘ra amalga oshirayotganini alohida e’tirof etishdi. Saylov ko‘tarinki ruhda, uyushqoqlik bilan o‘tayotganini, saylovchilarning ishtiroki faol ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.

Ta’kidlash joiz, xalqaro tashkilotlardan va xorijiy mamlakatlardan tashrif buyuruvchi kuzatuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatib boradi. Xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar O‘zbekistonga tashrifi mobaynida saylov uchastkalarida bo‘lib, kuzatuvlari yuzasidan tegishli xulosalar va tavsiyalarini beradi.

O‘zA