Prezidentimiz tashabbusi bilan ijtimoiy imtiyozga ega bo‘lmagan 3,5 ming nafar bemorda yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazilishi belgilangan edi. Ularning 2000 nafardan ortig‘i bolalar bo‘lsa, 1500 nafari katta yoshli fuqarolar.

Moddiy imkoniyati cheklangan, bepul davolanish imtiyoziga ega bo‘lmagan 1500 nafar bemor o‘zi yashab turgan hududdagi muassasalarda operatsiya qilinmoqda.

Jumladan, 620 nafarida chanoq-son va tizza bo‘g‘imini endoprotezlash, 170 nafarida yurak-toj arteriyalarini stentlash, 90 nafarida laparoskopik, 33 nafarida bosh miya operatsiyalari, 41 nafarida buyrak toshlarini maydalash, 370 nafarida boshqa turdagi jarrohlik amaliyotlari hududlarning o‘zida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shu yil yanvar-may oylarida bemorlarning ming nafardan ortig‘i shifoxonalarga yotqizilib, ularning 769 nafarida turli yuqori texnologik operatsiyalar bajarildi.

Xususan, bemorlarning 228 nafarida chanoq-son va tizza bo‘g‘imini endoprotezlash, 87 nafarida yurak toj arteriyalarini stentlash, 72 nafarida laparoskopik, 9 nafarida bosh miya operatsiyalari, 35 nafarida buyrak toshlarini maydalash, 338 nafarida boshqa turdagi jarrohlik amaliyotlari hududlarning o‘zida o‘tkazildi.

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida keltirilgan.

Nasiba Elibekova tayyorladi.

O‘zA