Ertaga 9 iyul kuni mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon — muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. An’anaga muvofiq, bu gal ham yurtimizga ko‘plab xalqaro kuzatuvchilar kelgan. Ulardan biri “Associated Press of Pakistan” (ARR) axborot agentligi boshqaruvi direktori Muhammad Asim bugun O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga tashrif buyurdi.
Suhbat avvalida muhim siyosiy voqelik – Prezident saylovini atroflicha yoritish, shuningdek, davlatimizning yetakchi rasmiy axborot agentligi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekistonga kelgan pokistonlik hamkasbimizga yurtimizda turli sohalar qatori media makonida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi mushtarak munosabat, ayniqsa, madaniyat, san’at, turizm kabi sohalarda jadal rivojlanayotgani, ayni jarayonda har ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida muntazam axborot almashish muhimligi qayd etildi.
Muhammad Asim “Associated Press of Pakistan” axborot agentligi O‘zA bilan muntazam aloqani yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini alohida ta’kidladi.
O‘zaro muloqot chog‘ida O‘zA va ARR sherikligini zamon talabi darajasida takomillashtirishni nazarda tutuvchi memorandum loyihasini tez fursatda imzolash, kelishuv doirasida axborot almashish ko‘lamini kengaytirish, xodimlar tajriba va malakasini tizimli oshirib borish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligi ma’qullandi.
– Bugun poytaxtdagi ayrim saylov uchastkalarida bo‘ldik va to‘g‘risi, saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bizni mamnun qildi, – dedi janob Asim. – Fuqarolar o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, konstitutsiyaviy huquqidan to‘laqonli foydalanishi uchun hamma narsa shay holatga keltirilganiga guvoh bo‘ldik. Bilasizmi, saylov – xalq ishonchi ifodasi. Ertaga har bir fuqaro o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz beradi. Zero, erkin va adolatli saylov demokratiyaning muhim shartidir.
Muloqot chog‘ida tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikning boshqa dolzarb jihatlari bo‘yicha ham fikr almashdilar.
1947 yilda tashkil etilgan, qarorgohi Islomobod shahrida joylashgan “APP” urdu, pushtun, ingliz, sindhi, arab, saraiki hamda baloichi tillarida faoliyat olib boradi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatidan kelib chiqib, Agentlik oyiga mamlakatimiz hayotiga oid o‘rtacha qirqdan ziyod material e’lon qilib boradi.
O‘.Alimov, N.Haydarov (surat), A.Sodiqov (video), O‘zA