Insonning ichki olami bir necha tomlik ensiklopediya. Biz qaysi sohada faoliyat yuritmaylik, niyatimiz faqat “kun o‘tkazish” emas, o‘z “men”imizni topishga harakat qilish bo‘lmog‘i zarur. Mazkur harakat rejasida muvaffaqiyatlarga erishish istagi yotadi. Shu muvaffaqiyat cho‘qqisiga chiqish uchun kimgadir taqlid qilish shartmi?
Masalan, qaysidir tashkilot yoki kompaniya tanqidlar girdobida qolib, “sinay” deb turganda, maqtalayotgan raqib tashkilotga taqlid qila boshlaydi. Hattoki, omadli ish g‘oyasini o‘g‘irlashdan ham tap tortmaydi. Bunga biz biznesda, ijodiy musobaqalarda ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz. Ammo kasbiy faoliyatda hech kimga o‘xshamaslik ko‘pincha omad keltiradi. Qo‘pol bo‘lsa-da, oddiy hayotiy namuna keltirsam. Sirk tomoshasida fil, yo‘lbars, ot singari jonzotlar aql bovar qilmas harakatlarni bajarib, tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ladilar. Aslida bu o‘sha hayvonlarning yutug‘i emas, balki hayvon o‘rgatuvchining iste’dodi mahsulidir. Sodda qilib aytganda, sirk tomoshasi yutuqlarining siri hayvonlar taqlidining samarasi, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Shu bois ham ko‘pgina ruhshunoslar “shaxsiy ishingizda maqtovlar yog‘ilishini hoxlasangiz, hech kimga o‘xshamang, hech kim yurmagan yo‘lni tanlang”, deb maslahat berishadi. Yana bir gap: mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, kishining barmoqlaridagi izlar boshqa birovnikiga mutlaqo o‘xshamas ekan.
Odam taqdiri – hayoti qanday kechishi-yu, qancha umr ko‘rishi o‘zga bir odamniki bilan aslo egizak bo‘lmaydi. Shunday ekan, nega endi biz kimgadir o‘xshashimiz kerak? Savolga javob o‘rnida donolarimizning quyidagi ushbu so‘zlarini keltirishimiz mumkin: “Havas qilgin, hasad qilmay, o‘zingga o‘xshab yasha!”
O‘tkir Alimov, O‘zA