Ispaniyaning Valensiya shahrida joylashgan Ipak muzeyida “O‘zbekiston – Buyuk Ipak yo‘li yuragi” anjumani tashkil etildi. Tadbirda ispaniyalik siyosatchi, mamlakatimizning Valensiyadagi faxriy konsuli, YUNESKOning Ipak yo‘li xalqaro dasturlari rahbari Xose Mariya Chikilo Barber ma’ruza qildi.
Janob Chekilo O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi, muhtasham obidalari, Buyuk Ipak yo‘lining eng muhim nuqtasi sifatidagi ahamiyati, yurtimizda ipak matolari va boshqa hunarmandlik mahsulotlari ishlab chiqarilishi hamda hunarmandlar tomonidan asos solingan “ustoz-shogird” maktablari haqida yig‘ilganlarga atroflicha ma’lumot berdi.
Ipak san’ati instituti ushbu muzeyda shu yil oktyabr oyida “Ipak yo‘lidan Mavrlar va Nasroniylar bayramigacha” ko‘rgazmasi doirasida yana bir qator anjumanlar tashkil etishni rejalashtirgan.
Mahfuza Ortiqova, O‘zA