Avval xabar berilganidek, Toshkent shahrida 400 ga yaqin xorijiy ekspertlar ishtirokida “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi hamda “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” shiori ostida konferensiyalar o‘tkazildi.

“Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” doirasida tashkil etilgan “Ijtimoiy xizmatlar sohasini kengaytirish va kambag‘allikni qisqartirish – barqaror rivojlanish garovi” panel sessiyasi ayni tadbirlar sirasiga kiradi.

Taniqli siyosiy tahlilchi va xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert Jorj Ayjan moderatorligida o‘tgan yig‘ilish bugungi kunda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini to‘liq qayta ko‘rib chiqish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlandi.

2023 yil uchun davlat byudjetining ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan mablag‘ miqdoriga jiddiy e’tibor qaratildi. Joriy yil ta’lim sohasi xarajatlariga 58,4 trillion so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 28,4 trillion so‘m, madaniyat sohasiga 2,5 trillion so‘m, sport sohasiga 2,3 trillion so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,8 trillion so‘m yo‘naltirish belgilangani qayd etildi.

Tadbirda kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida belgilab olingan ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Masalan, mahallalarda professional ijtimoiy xodimlar faoliyatini va ijtimoiy xizmatlarni manzilli asosda ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

– Og‘ir hayotiy ahvolga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi” yuritish tartibi ishlab chiqiladi. Ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularga davolash, dorilarni yetkazish, farzandlarini bog‘cha va maktabga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda manzilli choralar amalga oshiriladi.

– Tumanlarda ijtimoiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar markazlari, psixolog, huquqshunos, ijtimoiy xodimdan iborat “mobil guruhlar” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ko‘llab-kuvvatlash bo‘yicha yangi tizim yaratiladi.

– Ortopediya, reabilitatsiya, tibbiyot va dori vositalarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘zi tanlaydigan, davlat esa, faqat pulini to‘lab beradigan tizim joriy etiladi.

– Nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga bepul o‘qitish hamda ularni biznesga jalb qilib, daromad topishga o‘rgatgan, mahsulotini realizatsiya qilishga ko‘maklashgan tadbirkorlarga imtiyoz va afzalliklar berish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda, shuningdek, Yangi O‘zbekistonni – ayollari hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli yashaydigan mamlakatga aylantirishga ustuvor ahamiyat berilishi ta’kidlandi.

– Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, sifatli ta’lim olishini ta’minlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish nazarda tutilgan.

– Qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar uchun huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish xizmati kengaytiriladi.

Keksalar sog‘lig‘ini tiklash, mazmunli dam olishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha maxsus dastur qabul qilinadi.

– Ya’ni, yurtimizdagi 3 milliondan ziyod nuroniylarni har yili bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, shifoxona va sihatgohlarda davolanish, ular uchun yurtimiz bo‘ylab sayohatlar tashkil etish bo‘yicha barcha sharoitlar yaratiladi.

– “Uch avlod uchrashuvlari”, “Otalar jasorati – ibrat namunasi”, “O‘nta yoshga – bir nuroniy” harakati kabi ma’naviy-tarbiyaviy ishlar yanada kuchaytiriladi.

Konferensiya ishtirokchilari mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan siyosat izchil davom etishiga ishonch bildirdi.

– 3 million nafar yoshlarning mehnat qobiliyatini ishga solish orqali, ularni kambag‘allikdan olib chiqishga maqsad qilingan. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid dasturlar kambag‘al aholi bilan birga daromadi past bo‘lgan qatlamni ham qamrab oladigan tizim yaratiladi.

– Tadbirkorlarga “ijtimoiy sheriklik” asosida kambag‘al toifa uchun bandlik dasturlarini amalga oshirishda qo‘shimcha imtiyoz va rag‘batlar berish, bunga har yili kamida 1 milliard dollar yo‘naltirish mumkin.

Yig‘ilish taqdimot va ma’ruzalar shaklida, tahliliy, fikr-munozaraga boy tarzda yakuniga yetdi.

Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.

O‘zA