Vazirlar Mahkamasining “Avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishning ruxsatnoma tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tegishli nizom tasdiqlandi.
Nizomda milliy tashuvchilarning xorijiy ko‘p tomonlama ruxsatnomalarga bo‘lgan bir yillik umumiy ehtiyoji haqidagi ma’lumotlarni shakllantirish hamda xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash kvotasini aniqlash;
xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni milliy tashuvchilar orasida taqsimlash, berish va ulardan foydalanish jarayonlarini inson omilisiz to‘liq avtomatlashtirilgai holda, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshirish;
milliy tashuvchilar reytingini yuritish va bitta yuk avtotransport vositasi hisobiga yuklarni xalqaro tashish bo‘yicha xizmatlardan eng ko‘p daromad olayotgan tashuvchilarni rag‘batlantirish;
milliy tashuvchilarga ularning ehtiyojini qondirmaydigan ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash kvotasi doirasidagi xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni ular berilgan kundan boshlab 90 kalendar kuni ichida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga qaytarish majburiyatini yuklash;
xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni yoki ular bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxslarga bergan hamda ularni belgilangan muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga qaytarmagan milliy tashuvchilarga nisbatan ruxsatnomalar berilishini to‘xtatib turish bo‘yicha sanksiyalarni inson omilisiz avtomatik tarzda qo‘llash;
O‘zbekiston ruxsatnomalarini xorijiy tashuvchilarga berish, ulardan foydalanish hamda yuklarni xalqaro tashish turlarini aniqlash belgilab berilgan.
Milliy tashuvchilar ehtiyojlarini qondirmaydigan ayirboshlash kvotasi doirasidagi xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni taqsimlash shartlari 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zA