Bugun poytaxtimizda “Yashil energetika” sohasining rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mahalliy va xorijlik ekspertlar, eneregetika sohasi vakillari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi ijrochi vitse-prezidenti Abid Malik, BAAning “Masdar” kompaniyasi bosh operatsion direktori Abdulaziz Al-Obaydli, Fransiyaning “I-Di-Ef” kompaniyasi vitse-prezidenti Mark Jerar va boshqalar energetika sohasida o‘zaro hamkorlik va uning natijalari hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishda va qulay investitsion muhitni yaratishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Qayd etish kerakki, ushbu xalqaro anjuman “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida tashkil etildi. Unda Yangi O‘zbekistonda inson qadri, uning zamonaviy shart-sharoitlarda yashashi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, energetika tizimini rekonstruksiya va modernizatsiya qilishning zamonaviy tendensiyalari, jahon tajribasini o‘rgangan holda energetika tizimiga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish va buning samarasiga asosiy e’tibor qaratildi.
Tadbirda mamlakatimiz energetika sohasida huquqiy baza yaratilganiga urg‘u berildi. Xususan, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, sohani rivojlantirishning yanada yangi bosqichlariga o‘tish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining energetika sohasiga doir 4 ta qonuni qabul qilindi. Shuningdek, so‘nggi 4 yilda elektr energetikasi, neft va gaz yo‘nalishlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 45 ta qarori imzolandi. Shu bilan bir qatorda, ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 40 ta qarori qabul qilindi.
O‘tgan 4,5 yilda O‘zbekistonda issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xorijiy investorlar bilan umumiy qiymati
16 milliard 62 million dollarga teng bo‘lgan 34 ta bitim imzolandi. Bu O‘zbekistonda investorlar tomonidan 34 ta zamonaviy elektr stansiya quriladi, deganidir.
O‘z navbatida, olib borilgan ishlar natijasida 2021 yilda Navoiy viloyatida birinchi yirik 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi, 2022 yilning may oyida Samarqand viloyatida ikkinchi 100 MVt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi va umumiy quvvati 1 374 MVt bo‘lgan 6 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi (jami 1 574 MVt) ishga tushirildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov keyingi yillarda energetika sohasida qulay investitsion muhit yaratilayotganiga urg‘u berdi.
– Keyingi besh-olti yil ichida birinchi marotaba biz xususiy sektorni sohaga olib kirdik. Hozir taxminan 2 gigabayt energiyaga yuz foiz DXSH asosida xususiy investorlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Albatta, bu ko‘rsatkichlarni rejalashtirganmiz. Iqtisodiy o‘sishga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, energetikaga bo‘lgan ehtiyoj ham oshib bormoqda. 2017 yildan boshlab iste’mol ehtiyoji ortganini kuzatyapmiz va bu 2030 yilga borib, bu yanada oshadi. Shu sababli, bizning maxsus dastur asosida generatsiya va energetika samaradorligi yo‘nalishlarida ishlashimiz kerak. Quvvat va elektr energiyasini barqaror yetkazib berishda bu yo‘nalishlar asosiy hisoblanadi. Shuningdek, biz “yashil energetika”ni rivojlantirishga e’tibor qaratmoqdamiz. 2030 yilgacha biz imkoniyatlarimizni ikki barobarga kuchaytirish mo‘ljalimiz bor. Soha bo‘yicha qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikalari soha vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv natijalarga muvofiq, gidro loyihalarimizni qo‘shni mamlakatlarda tatbiq etmoqchimiz, – dedi energetika vaziri.
Ahamiyatlisi, O‘zbekiston tarixida birinchi marta aholi xonadonida o‘rnatilgan quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat tomonidan sotib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini iste’molchilarga sifatli va barqaror yetkazish maqsadida so‘nggi 5 yilda qariyb 46 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 14 mingta transformator punkti yangilandi Buning natijasida esa 7,5 mingdan ortiq mahallaning elektr ta’minoti yaxshilandi.
Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi ijrochi vitse-prezidenti Abid Malikning qayd etishicha, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar energetika sohasida bir qator loyihalarni tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Avvalo, “ACWA Power” kompaniyasi nomidan ushbu tadbirga taklif etganingiz uchun minnatdorlik bildiraman. 2005 yilda ta’sis etilgan kompaniyamiz quvvat yo‘nalishi bo‘yicha investitsiya kiritadi. Dunyoning ko‘pgina davlatlarida loyihalarimizni amalga oshirganmiz. Shundan kelib aytganda, butun dunyodagi mulkimiz narxi 78 milliard dollarga teng hisoblanadi. Biz oxirgi yillarda O‘zbekiston hukumati bilan investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuvlarga erishdik. Unga ko‘ra, ayni paytda ishlarimizni davom ettirayapmiz, – dedi Abid Malik.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA muxbiri