AQSH Prezidenti Jo Bayden bugun, 9 iyul kuni xorijiy mamlakatlarga safarini boshlaydi va bu gal London, Vilnyus, Xelsinkida bo‘ladi. U 11-12 iyul kunlari NATO sammitida ishtirok etadi.
Vilnyusda Bayden sammit oldidan Litva Prezidenti Gitanas Nauseda bilan ikki tomonlama muzokara o‘tkazadi, Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo mamlakatlar yetakchilari, shuningdek, Yevropa va Osiyo-Tinch okeani mintaqalaridagi ayrim sherik davlatlar rahbarlari bilan ko‘rishadi.
Milliy xavfsizlik bo‘yicha Prezident maslahatchisi Jeyk Sallivan brifing chog‘ida jurnalistlarga bergan ma’lumotga ko‘ra, muloqotlarda AQSH rahbari “NATOning sharqiy qanotini mustahkamlashdan tortib, Alyansning mudofaa qobiliyatini modernizatsiya qilishgacha turli masalalarni muhokama qiladi.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan Shvetsiyaning NATOga a’zoligi bilan bog‘liq holat tahlil qilinishi kutilyapti.
Oq uy bu uchrashuvni anons qilmadi, biroq “Reuters” qisqa suhbat tashkil etish ustida ish olib borilayotganini yozgan.
Bayden Londonda Buyuk Britaniya Qiroli Karl III bilan muzokara o‘tkazadi. Bu yangi Qirolning 6 mayda lavozimga kirishgandan keyingi ilk uchrashuvi. Shuningdek, Amerika yetakchisining Bosh vazir Rishi Sunak bilan ko‘rishishi ham rejalangan.
Bayden Litvadan keyin Xelsinkiga o‘tib, Prezident Sauli Niinistyo bilan gaplashadi, AQSH va Shimoliy Yevropa mamlakatlari sammitida qatnashadi.
Daniya, Islandiya, Norvegiya va Shvetsiya hukumatlari rahbarlari bilan xavfsizlik, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va texnologiya masalalari ko‘rib chiqiladi.