Shvetsiya haliyam NATO deydi…
Muqaddas Qur’oni karimga navbatdagi xuruj Stokgolmning islom dunyosi, ayniqsa Turkiya bilan shundog‘am keskin munosabatini yanada murakkablashtirdi.
Anqara haligacha Shvetsiyaning NATOga kirishiga “oq yo‘l” tilamagan, Stokgolmning umidi shu kungacha so‘nmagan edi, buyog‘i nima bo‘ladi, noma’lum. Voqeaga aksariyat arab davlatlari ham munosabat bildirdi. Marokash Stokgolmdagi elchisini noma’lum muddatga chaqirib oldi, Shvetsiyaning Iroqdagi elchixonasiga hujum uyushtirildi…
Bir yil avval sodir etilgan “yoqish marosimi”ga Shvetsiyaning ichki ishi, deb qaralgan edi. Endi bu “oddiy hol”ga aylanib qoldimi?
Aslida aksiyaning ibtidosini Daniyadan axtarish kerak.
“Qat’iy kurs” partiyasi asoschisi, siyosatchi Rasmus Paludan 2018 yil islomga qarshi namoyish o‘tkazadi. Aholi ko‘z o‘ngida muqaddas kitobni yirtib, uni yoqayotib, g‘arblik bo‘lmagan migrantlarni Qirollikdan chiqarib yuborish, mamlakatda islomni taqiqlash murojaati bilan chiqadi, politsiya esa uni zimdan kuzatib turadi. Namoyish tinch o‘tadi, keyin ham “musht ketdi” bo‘lmaydi.
2022 yil aprelda Daniya fuqaroligini olgan Paludan pasxa bayrami kunlari Qur’onni Shvetsiyaning Linchyoping shahrida yoqishni rejalaydi. Mahalliy migrantlar jamoati qabih niyatdan xabar topib, bunga yo‘l qo‘ymaydilar. Ommaviy tartibsizlik boshlanib ketadi.
Bir necha kun davomida politsiya xodimlari ta’qibga uchraydi, migrantlar ularning mashinalariga hujum uyushtiradi, tosh, qo‘l bola portlovchi moddalar otiladi.
Shu yil yanvar oyida Turkiya elchixonasi yaqinida yana Paludan sodir etgan “amal” takrorlanishi nafaqat mamlakatda, balki tashqarida ham aks-sado bergani hali ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak.
Bosh vazir Ulf Kristersson ancha vaqt so‘z erkinligi demokratiyaning bir qismi, deya hodisani oqlagan bo‘lsa, voqeaning ertasi kuni Tashqi ishlar vazirligi “Shvetsiya hukumati ayrim shaxslar tomonidan sodir etilgan islomofobik aktlarni qat’iyan rad etadi, ushbu akt hech qanday tarzda Shvetsiya hukumati nuqtai nazarini aks ettirmaydi”, deya bayonot berdi.
Paludanga nisbatan chora ko‘rilmadi. Britaniya hukumati Ramazon oyining birinchi kuni Ueykfild shahrida “o‘sha nomerini o‘tkazmoqchi” bo‘lganini eshitib, uning mamlakatga kirishini taqiqladi.
Shvetsiyadagi oxirgi “namoyish” uning ishtirokisiz o‘tdi.
Bu gal kelib chiqishi iroqlik migrant Salvon Momika “hunar” ko‘rsatdi. U Qurbon hayitining birinchi kuni …rejasini amalga oshirdi. Politsiya o‘sha zahoti Salvonni qo‘lga oldi. Bu o‘ziga xos natija, yutuq edi.
Turkiya mahalliy politsiya “yoqish”ga ruxsat bergani uchun isyon ko‘tardi. Shvetsiya OAV “politsiya ruxsat bergan emas”, balki shu bilan bog‘liq namoyish o‘tkazishni ma’qullagan”, deya qabih aksiyani xas-po‘shlashga urindi.
Turkiyaning voqeaga munosabati jo‘ngina: Shvetsiya NATOga kirishni istamayapti!
Turkiya – Shvetsiya muzokarasida shvedlarning islomga munosabati muhim emas. Anqarani ko‘proq kurd jangarilari qiziqtiradi. Terrorga aralashib qolgan fuqarolarini qaytarishni talab qiladi, xolos.
NATOga ariza berguniga qadar Turkiya va boshqa musulmon davlatlarini Qirollikdagi diniy ozchilik huquqlari qiziqtirmagan. Anqara Shvetsiya – NATO munosabati mavzusi ochilgandayoq, o‘z fikrini shakllantirib qo‘ygan edi.
Kim o‘rtaga tushishidan qat’i nazar, Turkiyani fikridan qaytara olmaydi.
Shvedlar esa ertami-kech “so‘z erkinligi” va Shimoliy Atlantika alyansi o‘rtasidagi tanlovga nuqta qo‘yishga majbur bo‘ladi…
Otlar kechuvda almashtirilmaydi…
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg lavozimi yana bir yil uzaytirilgani uning yuqori malakali mutaxassisligidan kelib chiqmaydi, balki shaxsiy istagiga ko‘ra amalga oshdi, deyishyapti ekspertlar. Shimoliy Atlantika alyansining, oylardirki, Bosh kotiblikka nomzod masalasida kelisha olmay garangsigan 30 a’zo mamlakati uchun bu eng oson yechim.
Nomzod haqida yakdil fikr yo‘q ekan, eng maqbuli sinovdan o‘tgan variantni qabul qilish, dedi o‘tgan hafta Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Bryusseldagi NATO yig‘ilishida.
Stoltenberg 2014 yildan beri Alyansga rahbarligi davrida ko‘plab inqirozlarni yengib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Hatto, bir necha oy muqaddam “lavozimim muddatini uzaytirishga qarshi chiqaman”, deya bayonot berishga ham ulgurdi.
Qaror e’lon qilindi, qolgani chikora. 5 iyul kuni 64 yoshli siyosatchi ijtimoy tarmoqda “o‘zini xushomadli his qilayotganini” yozdi. Ekspertlar yig‘ilishda sha’niga aytilgan madh uni mast qilgan, deyishdi. Ayniqsa, AQSH Yensning yetakchilik xususiyatiga yuqori baho berdi.
Ukraina hukumati ham kechiktirmasdan tabrik yo‘lladi.
Alyans yetakchisi qurol-yaroq va harbiy texnika yetkazib berishda Kiyevni “qancha zarur bo‘lsa” shuncha qo‘llab kelyapti. Aksariyat ittifoqdoshlar Ukrainada inqiroz davom etar ekan, bunday rahbarni almashtirish g‘oyasi tuzuk ish emas, Stoltenberg lavozimida “qancha zarur bo‘lsa”, shuncha qolsin, deyishdi. Otlar kechuvda almashtirilmaganidek…
Aslida Norvegiya sobiq Bosh vazirining boshqa rejasi bor. 2022 yil u Bryusseldagi lavozimini topshirib, mamlakati Markaziy bankini boshqarishga borishi kerak edi. O‘shanda u munosib nomzod topilmagan uchun joriy yil yozigacha vakolati uzayishiga rozilik beradi…
To‘qqiz yil avval bosh kotiblikka kelgan siyosatchi o‘sha paytdayoq Rossiya – Ukraina munosabatida iz qoldirgan. Moskva Qrimni endigina anneksiya qilgan, Donbassdagi xayrixohlarini qo‘llab-quvvatlayotgan davr edi. O‘shanda Stoltenberg “Rossiya bilan konstruktiv munosabat” o‘rnatish fikrini bildiradi. Keyingi yillarda esa bu haqda og‘iz ham ochmaydi.
Endi esa NATO sharqini Rossiya tahdididan himoya qilib chiqmoqda.
…NATO qarorgohida diplomatlar Bosh kotibni ichki nizolarni hal etishda muvaffaqiyatli vositachi, deya alqashadi.
Boshqa tomondan u Makronning NATO “miya o‘limi”, Trampning Alyansni tarqatib yuborish kerak kabi bayonotlariga chidab kelyapti. Bot-bot a’zo davlatlar hukumatlarini va’dasi ustidan chiqishga chaqirib turadi. Yalpi ichki mahsulotning ikki foizini mudofaaga sarflash zarurligidan ogohlantirib keladi.
O‘tgan yil fevralda keskin o‘zgargan vaziyat NATO tushunchasiga yangi ma’no kiritdi, Alyansning moliyaviy tartibi yangilandi. Bosh kotib faoliyatida tub burilish yasaldi…
Kechagi qarorga ko‘ra, Stoltenberg 2024 yil kuzdagina lavozimni tark etadi, kelasi yil esa Vashingtonda NATOning 75 yilligi nishonlanadi. Sanani munosib o‘tkazishni tajribali Stoltenbergdan boshqasiga ishonib bo‘lmaydi. Ehtimol, o‘sha kun kelib, norvegiyalik mansabdordan yana bir yil “xizmat qilib berish” so‘ralar…
Avval ham ta’kidlaganmiz – nomzod ko‘p, gap saralab olishda qolgan.
Keyingi yil Stoltenberg lavozimidan ketsa-ketmasa NATOni o‘n yil boshqargan shaxs sifatida tarixga kiradi.
Bu borada rekordchi Shimoliy Atlantika alyansiga “sovuq urush”ning avj pallasida o‘n uch yil – 1971-1984 yillari rahbarlik qilgan niderlandiyalik Yozef Luns.
Balki, Stoltenberg yangi rekord o‘rnatishga hozirlanayotgandir? Tag‘in, kim bilsin?..
Yigirma yildan keyin takrorlangan hujum…
“Biz ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilda joylashgan Jenin shahriga, ayniqsa aholi zich yashaydigan qochqinlar lageriga havodan va quruqlikdan uyushtirilayotgan hujumdan xavotirdamiz”, deya bayonot berdi 4 iyul kuni BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi rasmiy vakili Vanessa Xyugenin. Bu xalqaro tashkilotning Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) yigirma yil deganda Iordan daryosi G‘arbiy sohiliga qarata uyushtirgan eng yirik hujum-aksiyasiga munosabati edi.
Isroil tomoni Jenin aksil terror amaliyotida islomiy guruhlarning o‘n inshooti nishonga olinmoqda, bu shaharni “terrorchilar o‘zlarini xavfsiz his etadigan joyga aylantirib olishgan”, dedi SAXALning Yevropa bo‘limi matbuot kotibi Mariya Mixelson.
3 iyulda boshlangan hujum oqibatida o‘nlab insonlar vafot etdi, yuzlab odamlar yaralandi. Qizil Yarim oy tashkiloti qochoqlar lagerlaridan yuzlab oilalarni boshqa joylarga ko‘chirganini ma’lum qildi.
Falastin milliy ma’muriyati (FMM) Isroil bilan barcha aloqani uzdi, deb xabar berdi “Wafa” agentligi.
Muxtoriyat rahbari Mahmud Abbos BMT – YeI – AQSH va Rossiya ishtirokidagi “Yaqin Sharq kvarteti”ni zudlik bilan tiklash tashabbusi bilan chiqdi.
Tahlilchilar SAXALning bu galgi amaliyoti avvalgilaridan ancha farq qilishini qayd etishadi. Avvalo, operatsiya XAMAS nazorati ostidagi G‘azo sektoridagi falastinliklarga qaratilmagan, Tel-Aviv bilan muloqotda bo‘lib kelayotgan Abbos boshchiligidagi G‘arbiy sohilda joylashgan FATXga qaratilgan.
Ikkinchidan, hujum quruqlik, aviatsiya va maxsus kuchlar ishtirokida keng miqyosda olib borilyapti. Shuning uchun ham bu harakat yigirma yil avval SAXAL G‘arbiy sohilda Yosir Arofat boshqargan FATXga qarshi qo‘llangan amaliyot bilan solishtirilmoqda. O‘shanda jang bir yarim oy davom etgan va 500 falastinlikning hayotiga zomin bo‘lgan.
“FATX Isroilga tashvish keltirmayotgan edi, nega endi birdan urush boshlab yuborildi?”, degan savolga tahlilchilar to‘rt taxmin ko‘rsatishdi.
Birinchidan, so‘nggi yillarda Jeninda vaziyat keskinlashdi. Iordan daryosi g‘arbiy sohilida uch millionga yaqin falastinlik va to‘rt yuz ming atrofida isroillik ko‘chmanchi istiqomat qildi. Ularning turmush sharoiti har xil.
Shaharda FATXdan tashqari XAMASchilar, “Islomiy jihod” tashkilotlari va boshqa guruh vakillari bor, deyiladi.
Ikkinchidan, Isroilning o‘zida qarama-qarshilik va kelishmovchilik yetarli. Yil boshidan hukumat huquq islohotiga oid qonun loyihasini o‘tkazolmay hunob. Hujjat parlamentdan o‘tsa, sud hokimiyati mustaqilligiga putur yetadi. Xullas, ichki muammo bisyor.
Uchinchidan, yangi Isroil hukumati o‘ziga xos xususiyatga ega. Harbiylar kuchli Falastin Muxtoriyati Isroil xavfsizligi va falastinliklar faoliyatida sezilarli rol o‘ynamoqda, deb hisoblashadi.
2022 yil dekabrda hukumat boshiga kelgan Netanyaxuning vazirlari orasida Falastin muxtoriyatiga nisbatan qat’iy, keskin yondashadiganlar bor. Ular ma’nosiz muzokaradan ko‘ra, qurolli siyosat tarafdori.
Va oxirgisi – tashqi omil. Gap Ukraina atrofidagi ziddiyat haqida ketmoqda. Yevropadagi Isroilning kuch ishlatishini mudom tanqid qilib keladigan hukumatlar biroz chalg‘ib qolishdi.
Darvoqe, ekspertlar Xitoyning bevosita ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida Eron – Saudiya munosabati yaxshilanayotganini ham nazardan chetda qoldirishmayapti.
Agar Tehron va Ar-Riyod mintaqaviy kelishmovchilikni hal etsa, Falastindagi eronparast va saudiyaparast kuchlar Isroilga qarshi kurashda kuchni birlashtirish ehtimoli yuqori.
Va ko‘p yil “otda” bo‘lib kelgan Isroilning “xonlik” rutbasiga jiddiy ziyon yetishi mumkin.
Shuning uchun ham Tel-Aviv “podadan oldin chang ko‘tarayotgandir”?..
Buguncha shu.
Kelasi jumada xabarlashguncha!
Abror G‘ulomov,
O‘zA siyosiy sharhlovchisi