Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxo‘jayev ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda MSK raisi saylovga tayyorgarlik jarayonlari hamda ovoz berish boshlangani xususida ma’lumotlar berdi.

— Bugun ertalab soat 8:00 da mamlakatimizda tashkil etilgan 10 ming 784 ta saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi va saylovchilar ovoz berishga kirishdi, — dedi Z.Nizomxo‘jayev. — Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 39 ta xorijiy davlatdagi vakolatxonalari huzurida tuzilgan 56 ta saylov uchastkasi, xususan, Sharq mamlakatlarida tashkil etilgan saylov uchastkalari ish boshladi. Ovoz berish birinchi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasining Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Tailand, Hindiston va Rossiyaning Uzoq Sharqdagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida boshlandi.

Ayni paytda Markaziy saylov komissiyasi bilan barcha saylov okruglari va saylov uchastkalari o‘rtasida muntazam aloqa yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yildagi saylovda saylovchilar ro‘yxatiga jami 19,5 milliondan ortiq saylovchi kiritilgan.

Shuningdek, rais saylovda ishtirok etayotgan xalqaro kuzatuvchilar haqida ham ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, mazkur siyosiy tadbirni 15 ta xalqaro tashkilot, 47 ta xorijiy davlatdan tashrif buyurgan jami 800 nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bormoqda.

Prezidentlikka nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan esa 53 ming nafardan ziyod mahalliy kuzatuvchi saylovni bevosita kuzatmoqda. Saylovni jami 1 ming 400 nafar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari yoritib bormoqda.

Muhtarama Komilova, 
O‘zA