“O‘zbekfilm” kinokonserni hududidagi “Event-hall” binosida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan rejissyor Abduvohid G‘aniyev tomonidan suratga olingan “Doktor Abdullayev” badiiy filmining tibbiyot xodimlari uchun maxsus premerasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur filmda bosh rolni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rustam Karimov o‘ynagan. Filmdagi rollarni Sobir Otajonov, G‘ayrat Boymirzayev, Mukarram Bekmurodova, Nigina Anorboyeva, Husan Maqsudov, Mashkura Zulfiqorova, Barno Qodirova, O‘tkir Mengliyev, Shafoat Rahmatullayeva va boshqa aktyorlar ijro etgan.
–Ushbu kartina asosan Namanganda suratga olingan bo‘lib, shifokorlarning mashaqqatli mehnati haqida hikoya qiladi, – dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rustam Karimov. – Pandemiya va undan keyingi vaqt mobaynida murakkab vaziyatning o‘zi shifokorlar mehnati nechog‘li zahmatli ekanini ko‘rsatib berdi. Men ijro etgan bosh qahramon – doktor Abdullayev ham umr mazmunini odamlarga yordam berishda deb bilgan inson ekanligi ahamiyatlidir. Qahramonimning nechog‘li fidoyi, halol inson ekanini baholi qudrat ko‘rsatib berishga harakat qildim.
Darhaqiqat, kartina shifokorlik mehnatining og‘ir va mashaqqatli jihatlari haqida hikoya qilishi, hayotiyligi va ta’sirchanligi bilan tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.
N.Usmonova, O‘zA