Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Senati qo‘mitasi raisi A.Shakirov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda S.Safoyev ikki qardosh xalqning tarixiy munosabatlari, parlamentlararo hamkorlik masalalariga to‘xtaldi. Respublikamizda o‘tkazilgan referendum, Konstitutsiyani yangi tahrirda qabul qilishdan maqsad xalqimiz turmush tarzini yanada yaxshilash, ular har tomonlama davlat himoyasida bo‘lishini Bosh qomusimiz bilan mustahkamlab qo‘yish ekanini qayd etdi.

O‘z navbatida, Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan A.Shakirov keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, yaxshi qo‘shnichilik, parlamentlararo hamkorlik borasidagi ishlar yuzasidan o‘zining ijobiy munosabatini bildirdi.

Bo‘lajak siyosiy tadbirning muhimligiga e’tibor qaratib, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonining tashkiliy darajasiga yuqori baho berdi.

Muloqot davomida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyevaning Qozog‘iston Respublikasiga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, Orol mintaqasidagi suv muammosini hal etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi masalalar, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA