Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlar va xalqlar manfaatlarini birlashtiruvchi eng yosh tuzilmalardan biri hisoblanadi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, o‘tgan 22 yillik vaqt davomida tashkilot rivojlanishning uzoq va salmoqli yo‘lini bosib o‘tdi va global siyosiy hamda iqtisodiy voqelikning ajralmas qismiga aylandi.

Bugungi kunda SHHT dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Unga a’zo mamlakatlarning umumiy hududi 35 million kvadrat kilometrdan oshadi. SHHT mamlakatlarining umumiy aholisi 3,2 milliard kishini tashkil etadi, bu esa dunyo aholisining qariyb yarmidir. Shuningdek, SHHTning katta oilasi uch qit’ani – Osiyo, Yevropa va Afrikani qamrab olgan. Shu bilan birga, boshqa mamlakatlarning ushbu tuzilma bilan u yoki bu formatda o‘zaro hamkorlikka bo‘lgan qiziqishi tobora o‘sib bormoqda.

SHHT mintaqasi – bu ulkan iqtisodiy imkoniyatlar maydoni, tashkilotga a’zo barcha mamlakatlar uzoq muddat davomida barqaror rivojlanishi uchun platforma va resurs bazasiga ega hududlardir. Bugungi kunda xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha jahon yalpi mahsulotining uchdan bir qismi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning qariyb 27 foizi va jahondagi savdo hajmining 20 foizi SHHT ulushiga to‘g‘ri keladi.

Joriy yil 4 iyul kuni SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdagi majlisi va unda erishilgan kelishuvlar tashkilot faoliyatini ham geografik ham iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan kengayishiga sabab bo‘lganligi bilan yanada ahamiyatlidir. Xususan, tashkilotga a’zo mamlakatlar tomonidan Eron Islom Respublikasini SHHT a’zoligiga qabul qilish tartibotini yakunlash va unga SHHTga a’zo davlat maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, videoanjuman shaklidagi muloqot davomida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tashkilot faoliyatini yanada kengaytirish, uning bor kuch va imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qaratilgan sakkizta tashabbus ilgari surildi.

Prezidentimiz o‘z nutqida dastlab, SHHTning yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu hujjatning qabul qilinishi yangi sharoitlarda ustuvor vazifalarni belgilab olish, ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha umumiy yondashuvlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini berishi ta’kidlandi.

Shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlar sanoat va innovatsion taraqqiyot ko‘rsatkichlari bo‘yicha ulkan intellektual salohiyatga, energetika va agrar sohada boy resurslarga ega ekanligini hisobga olib, SHHTning innovatsion taraqqiyot, raqamlashtirish va robotlashtirish, sun’iy intellekt, biotexnologiya, farmatsevtika va sanoatning boshqa istiqbolli tarmoqlarini qamrab oluvchi Yangi iqtisodiy muloqot dasturini qabul qilish taklif qilindi.

Shu bilan birga, SHHT davlatlarining transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligiga doir yagona xaritani ishlab chiqish, “Yashil belbog‘” dasturi doirasida Mintaqaviy ekologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini tayyorlash hamda turizmni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga doir bir qator tashabbuslar ilgari surildi.

Umuman, olganda tashkilot rahbarlarining mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun bunday samarali muloqot platformalaridan foydalanishi nafaqat SHHTga a’zo mamlakatlar aholisi, shu bilan birga ko‘plab mintaqa davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Mavluda Adhamjonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

O‘zA