Mamlakatimizda 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan qator xalqaro kuzatuvchilar, xorijiy davlatlar delegatsiyalari yurtimizga tashrif buyurib, siyosiy jarayonga tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirmoqda, uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Jumladan, bugun Markaziy saylov komissiyasida muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatib borish maqsadida mamlakatimizga xalqaro tashkilotlardan va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan kuzatuvchilar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Ular qatorida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh Kotibi S.Lebedev hamda MDH PA Bosh kotibi, MDH PA Kotibiyati rahbari D.Kobitskiy boshchiliklaridagi missiyalar va Belarus Respublikasi MSK Raisi U.Korpenko rahbarligida delegatsiya tashrif buyurdi.

Uchrashuvda 9 iyul kuni o‘tkaziladigan muddatidan ilgari o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish qonunchilik talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilayotgani haqida ma’lumotlar berildi.

O‘z navbatida, kuzatuvchilar tomonidan saylovchilarning saylovga oid axborotlar bilan yuqori saviyada ta’minlanganligi, bir qator saylov uchastkalarida biometrik-identifikatsiya qurilmalaridan tajriba sinov tariqasida foydalanish yo‘lga qo‘yilganligi alohida e’tirof etildi.

Xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar O‘zbekistonga tashrifi mobaynida saylov uchastkalarida bo‘lib, 9 iyul kuni saylovni o‘tkazish jarayonini kuzatib boradi hamda kuzatuvlari yuzasidan tegishli xulosalar va tavsiyalarini beradi.

Muhtarama Komilova, O‘zA