Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 7 iyul kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning Toshkent viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Sayyora Fayziyeva ochdi. U o‘z so‘zida Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Toshkent viloyatini har tomonlama rivojlantirish, tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, odamlarning turmush sifatini oshirish bo‘yicha erishilgan natijalarni e’tirof etdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.

Dastur beshta strategik maqsadni qamrab olgan:

Birinchi maqsad – har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish. Ikkinchi maqsad – odamlarni hayotdan rozi qilish uchun barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash. Uchinchi maqsad – suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish. To‘rtinchi maqsad – qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish. Beshinchi maqsad – Yangi O‘zbekiston xavfsiz va tinchliksevar davlat.

Nomzod mazkur yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha Toshkent viloyatiga oid rejalarini bayon etdi. Umuman, bu hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun alohida yetti yillik dastur qabul qilinib, unga zarur mablag‘ yo‘naltirilishi aytildi.

Saylovoldi dasturida viloyatda bog‘cha va maktab muammolariga yechim topishga ham alohida e’tibor qaratilgan.

– Kelgusi yetti yilda Toshkent viloyatining barcha mahallalarida bog‘cha va maktab muammosi to‘liq hal qilinadi. Buning uchun qo‘shimcha 60 ming o‘rinli 1 mingdan ziyod bog‘chalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Mavjud maktablar quvvatini oshirish va yangilarini qurish hisobiga 100 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi va 35 nafardan ko‘p bola ta’lim oladigan sinf qolmaydi (hozirda bunday sinflar soni 3 mingta). Viloyatdagi 188 ta maktabga sport zallari qurib beriladi, – dedi nomzod.

2030 yilga qadar viloyatdagi 350 dan ziyod mahallada 4 ming kilometr ichki yo‘llar va 100 dan ziyod ko‘priklar qurilishi va ta’mirlanishi ma’lum qilindi.

– Uzunligi 5 ming 100 kilometr bo‘lgan elektr tarmoqlari va 1 ming 400 ta transformator yangilanadi. Buning hisobiga 250 ming aholi xonadonida elektr ta’minoti yaxshilanadi. Bundan tashqari, 5 ming 200 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 750 kilometr oqova tarmoqlarini qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Natijada 100 ming aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan tarmoqlar orqali ichimlik suvi kirib boradi, 800 ming aholining suv ta’minoti yaxshilanadi, – dedi nomzod.

Uchrashuvda Bekobod, Xo‘jakent va Angren yo‘nalishlarini poytaxt bilan bog‘laydigan elektropoyezd harakati yo‘lga qo‘yilishi aytildi.

– Bugungi kunda Toshkent viloyatida bundan 30-40 yil oldin olib kelingan 4 ta elektropoyezd harakatlanmoqda. Shu bois, odamlarimizning uzog‘ini yaqin qilish, ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida elektropoyezdlar to‘liq yangilanadi. Jumladan, 2024 yildan Bekobod, Xo‘jakent va Angren yo‘nalishlarini poytaxt bilan bog‘laydigan 10 ta elektropoyezd harakati yo‘lga qo‘yiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hududda elektr energiyasi ta’minotini yanada yaxshilash borasidagi ishlar ham izchil davom ettiriladi.

– Sanoat korxonalarini barqaror energiya bilan ta’minlash uchun Saudiya Arabistoni va Xitoy investorlari ishtirokida 1,5 milliard dollar sarmoya hisobiga Qibray, Yuqori Chirchiq va Bo‘kada jami 1,7 ming Megavattli 3 ta quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Shu bilan birga Angren issiqlik energiya stansiyasida 600 Megavattli 2 ta ko‘mirli energoblok, Bo‘stonliq tumanida 900 Megavattli GESlar barpo etiladi, – dedi nomzod.

Nomzod O‘zbekistonda qurilish sohasini rivojlantirishga oid rejalari haqida ham alohida to‘xtaldi.

– Kelgusi yetti yilda mamlakatimiz bo‘yicha 1 million xonadonli uy-joylar qurish bo‘yicha katta marralarni belgilab olganmiz. Bunda “Yangi O‘zbekiston” massivlari soni 100 taga yetkazilib, qo‘shimcha 200 mingta oilaga mo‘ljallangan uylar barpo etiladi. Bunga qo‘shimcha ravishda 700 mingta xususiy uy-joylar barpo etiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda kelgusi yetti yilda Toshkent viloyatida 40 mingta xonadonga ega ijtimoiy uylar qurilishi ma’lum qilindi.

– Xabaringiz bor, “Mening birinchi uyim” dasturi bo‘yicha ilk katta loyiha qurilishini Toshkent viloyatidan boshlayapmiz. Nega aynan Toshkent viloyatini tanladik? Sababi, hozirning o‘zida viloyatdagi 24 ming oilada uy-joyga talab bor. Bundan tashqari, har yili yana 25 mingta yangi oila paydo bo‘lmoqda.

Kelgusi yetti yilda “Mening birinchi uyim” dasturi doirasida Toshkent viloyatida jami 40 mingta xonadonga ega ijtimoiy uylar quriladi. Umuman, kelgusi yildan boshlab, boshqa viloyatlarda ham kamida 100 ming oilaga mo‘ljallangan xuddi shunday ijtimoiy uylar barpo etiladi, – dedi nomzod.

Renovatsiya dasturlari odamlarning roziligini olgan holda qabul qilinishi aytildi.

– Birgina Toshkent viloyatidagi jami 5 mingga yaqin ko‘p qavatli uylarning yarmi bundan 50 yildan oldin qurilgan. Shu bois, yil yakunigacha ushbu uylarning joriy holati, jumladan, zilzilaga chidamli ekanligi to‘liq o‘rganiladi. Umuman, aholi bilan maslahatlashgan holda, ularning roziligi bilan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan massivlarni yangilash bo‘yicha ishlarni amalga oshiramiz. Albatta, bu jiddiy masala. Shuning uchun renovatsiyaning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lishi kerak. Shu maqsadda renovatsiya dasturlari faqat va faqat odamlarimizning roziligi va keng jamoatchilik fikrini olgan holda qabul qilinadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

2025 yilga qadar 25 ta shaharning, 2030 yilgacha esa barcha aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish to‘liq yakunlanishi ma’lum qilindi.

– “Bosh plan”larni ishlab chiqish jarayonlari aholi va tadbirkorlar uchun ochiq-oshkora va shaffof bo‘ladi. Buning uchun alohida portal ishga tushirilib, ularning tashabbus va takliflari, albatta, inobatga olinadi. Bu maqsadlarga kelgusi yetti yilda ikki trillion so‘m yo‘naltiramiz, – dedi nomzod.

Uchrashuvda partiya vakillari va mehmonlar so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

O‘zA